O‘g‘it narxlarining asossiz oshirilishi bo‘yicha “Maxam-Chirchiq” AJga nisbatan ish qo‘zg‘atildi
3-sahifa
−
08 iyul
3543Mineral o‘g‘itlar bozorida narxlarni asossiz oshirish holati bo‘yicha “Maxam-Chirchiq” AJga nisbatan ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.
Bildirilishicha, qo‘mita tomonidan “Maxam-Chirchiq” AJda ishlab chiqarilgan mineral o‘g‘it mahsulot narxlarini shakllantirishda amaldagi normativ hujjatlarga rioya etilmaganligi oqibatida mahsulot narxlarini asossiz oshishiga olib kelgan harakatlarning alomatlari aniqlangan. Bu esa mineral o‘g‘it mahsulotlari narxlari o‘rtacha 10 foizdan 15 foizgacha oshishiga sabab bo‘lgan.
Yuqoridagilarga ko‘ra, Raqobat qo‘mitasi tomonidan “Maxam-Chirchiq” AJga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuni talablari buzilishi alomatlari bo‘yicha ish qo‘zg‘atildi.
“Shuningdek, ushbu omil qishloq xo‘jaligi korxonalari (klaster, fermer, dehqon va boshqalar)ga bevosita ta’sir qilib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari narxlari oshishiga olib kelishi mumkin. Qo‘zg‘atilgan ish o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqilib, qaror qabul qilingandan so‘ng qo‘shimcha axborot beriladi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq “Lukoil Overseas Supply and Trading Ltd” kompaniyasining birja savdolari orqali texnik oltingugurt mahsulotini realizatsiya qilishda, shu jumladan birja savdolarida mahsulot hajmlarini nomuvofiq qo‘yish kabi manipulyatsiya holatlari orqali mahsulot narxlarini oshishiga olib kelgan harakatlarning alomatlari aniqlangan va buning ortidan ish qo‘zg‘atilgandi.
Azizbek Eshmamatov
LiveBarchasi