Uganda AQSH elchisiga ultimatum qo‘ydi
Olam
−
05 Oktabr
5318Uganda armiyasi Bosh qo‘mondoni Muxuzi Kaynerugaba AQSH elchisi Uilyam Poppga ultimatum qo‘yib, otasi va mamlakat Prezidenti Yoveri Musevenidan uzr so‘rashni yoki mamlakatni tark etishni talab qildi. Bu haqda “Nile Post” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, general diplomatni mamlakatda “diplomatik bo‘lmagan” xatti-harakatlarda ayblagan. Bundan tashqari, Kaynerugaba agar Popp 7 oktyabr kuni soat 09:00 gacha Musevenidan shaxsan uzr so‘ramasa, Ugandani tark etishga majbur bo‘lishidan ogohlantirgan. Biroq Bosh qo‘mondon “diplomatik bo‘lmagan” xatti-harakatlar nima bilan bog‘liq ekanini ochiqlamagan.
Kaynerugabaning ta’kidlashicha, Uganda AQSHni “sevadigan va ulug‘laydigan” davlat, lekin so‘nggi vaqtlarda AQSHning Uganda hukumatiga qarshi harakat qilayotganining ko‘plab dalillari mavjud.
Nashrga ko‘ra, general 2026 yilgi prezidentlik saylovlarida qatnashish niyatida ekanligini bildirgan. Biroq u sentyabr oyida saylovlarda qatnashmasligini e’lon qilib, o‘rniga 80 yoshli otasini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.
Ma’lum qilinishicha, Uganda Prezidentga nisbatan hurmatsizligi hamda Uganda konstitutsiyasiga qarshi bo‘lgan xatti-harakatlari tufayli AQSH elchisi bilan jiddiy qarama-qarshilik yoqasida turibdi. Kaynerugabaning so‘zlariga ko‘ra, bu shaxsiy xafagarchilik emas, balki mamlakat ishlariga aralashish.
“Bu milliy masala, hech bir xorijiy davlat endi Ugandada hech qachon ustunlik qilmaydi!” dedi general.
Uning bayonoti AQSH Davlat departamenti Uganda politsiyasining to‘rt xodimiga nisbatan inson huquqlarini buzganlik, shu jumladan qiynoqlarda ishtirok etganliklari uchun sanksiyalar joriy etganidan so‘ng e’lon qilingan.
Qayd etilishicha, Popp o‘tgan yilning sentyabr oyida elchi etib tayinlangan. O‘shandan beri mamlakatning bir qator yuqori martabali amaldorlari AQSH sanksiyalariga duch kelgan. Museveni esa o‘z o‘g‘lini shu yilning mart oyida armiyaning Bosh qo‘mondoni etib tayinlagan. Bunga qadar Kaynerugaba quruqlikdagi qo‘shinlarni boshqargan, biroq 2022 yilda Keniya qo‘shni mamlakatiga bostirib kirish bilan tahdid qilganidan so‘ng otasi tomonidan iste’foga chiqarilgan.