UFC'dan ketgan Murodov, 30 ming dollar “soqqa qilgan” olimpiyachilar – Sport dayjesti

Sport

Bugun UFC’dan ketgan Mahmud Murodov, Olimpidaga chiqib 30 ming dollar ishlab olgan futbolchilar va to‘rt yillikning eng yirik sport musobaqasida ishtirok etishi ehtimoli oshgan Eldor Shomurodov haqida gaplashamiz.
Assalomu alaykum. QALAMPIR.UZ’da sport dayjesti biz boshladik.

Futzal: O‘zbekiston FIFA reytingida 11-o‘rinni egalladi

Xalqaro futbol assotsiatsiyasi (FIFA) futzal terma jamoalarining yangilangan reytingini e’lon qildi. Yangi jadvalda O‘zbekiston milliy terma jamoasi 11-o‘rinda qayd etildi.

Hozirda Xose Venansio Lopes murabbiyligidagi O‘zbekiston jamoasi 1288,96 ochkoga ega. Bu borada o‘zbekistonlik futzalchilar Osiyo jamoalari orasida 3-o‘rinni band etgan.

FIFA reytingida faqatgina Tailand va Eron O‘zbekistondan yaxshiroq pog‘onalarda joylashgan. Tailandliklar 1316,27 ochko bilan 9-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 1469,33 ko‘rsatkich bilan Eron 4-o‘rinda qayd etilgan.

Reytingni 1568,41 ochko bilan Braziliya terma jamoasi boshqarmoqda. Kuchli uchlikka Portugaliya va Ispaniya jamoalari kiritilgan.

Olimpiadaga chiqqan futbolchilarga qancha mukofot puli berilishi ma’lum bo‘ldi

O‘zbekiston futboli tarixida ilk bor Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan futbolchilarga 30 ming AQSH dollari pul mukofoti beriladi. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar berdi.
Temur Kapadze boshchiligidagi O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi O‘zbekiston tarixida jamoaviy sport turlari bo‘yicha birinchi Olimpiada litsenziyasiga ega chiqdi.
O‘zbekistonlik futbolchilar Olimpiadadagi yurishini 24 iyul kuni boshlaydi. O‘sha kuni Parijdagi muhtasham “Park de Prens” stadionida oq bo‘rilarga Ispaniya Olimpiya terma jamoasi raqiblik qiladi. Guruh bosqichida O‘zbekiston Ispaniyadan tashqari Misr va Dominikan jamoalari bilan bahs olib boradi.

Abbosbek Fayzullayev Olimpiadada qatnashadimi?

O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Abbosbek Fayzullayev SSKAning Rossiya chempionati 22-turidan o‘rin olgan “Rubin”ga qarshi o‘yinidan so‘ng jurnalistlarning bir qator savollariga javob berdi.

Jumladan, Fayzullayev shu yil yozda Fransiya poytaxti Parijda o‘tkaziladigan Olimpiadada ishtirok etish-etmasligi bilan bog‘liq savolga javob berdi.

“Biz bu masalani hali muhokama qilmadik. Hozir e’tiborimni SSKAga qaratganman. Biz kubokni yutmoqchimiz va “Zenit”ni mag‘lub eta olamiz. Kubokmi yoki chempionlikmi farqi yo‘q. Finalga chiqish juda muhim, biroq chempionlik ham ahamiyatli”, deydi Fayzullayev.

Qayd etish joiz, SSKA-“Rubin” o‘yini 2:2 hisobida yakunlandi. E’tiborlisi, Fayzullayev armiyachilarning bahsdagi birinchi golini kiritdi.
Ma’lumot uchun, joriy mavsum 20 yoshli Fayzullayev SSKA safida 28 ta o‘yinda maydonga tushib, 5 ta gol urdi va 11 ta golli uzatmani amalga oshirdi.

Eldor Shomurodov Olimpiadada ishtirok etadimi? 

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va Italiyaning Kalyari klubi a’zosi Eldor Shomurodov yozda Fransiya poytaxti Parijda o‘tkaziladigan Olimpiya o‘yinlarida qatnashishi mumkin. Bu haqda O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Temur Kapadze QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi.

“Olimpiada boshlanishiga yaqin qolganda tarkibga qaysi yoshi katta futbolchilarni jalb qilishimiz ma’lum bo‘ladi. Har bir murabbiy jamoasi safida Eldor Shomurodovdek futbolchi bo‘lishini xohlaydi. Buyog‘ini bevosita rahbariyat va futbolchilarning o‘zi bilan maslahatlashib hal qilamiz”, deydi Kapadze.

Shuningdek Kapadze Abbosbek Fayzullayev, Abduqodir Husanov, Hojimat Erkinov, Umarali Rahmonaliyev va Ibrohimhalil Yo‘ldoshev kabi legionerlar katta ehtimol bilan shu yili yozda Parijda o‘tkaziladigan Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etishini bildirdi.

“Umid qilamanki, legionerlarni tarkibga jalb qilishda muammolarga duch kelmaymiz, boz ustiga klublar uchun mavsum yakunlangan bo‘ladi. Olimpiada vaqtida qaysi futbolchi qanday formada bo‘lishiga ham alohida e’tibor beramiz. FIFA kunlarida o‘rtoqlik o‘yinlarida ishtirok etishni reja qilyapmiz. Shuningdek, Olimpiadaga yaqin qolganda ham yig‘in o‘tkazib, nazorat o‘yinlarida qatnashamiz”, deydi Kapadze.

Mahmud Murodovning UFC'dan ketishi sabablari ochiqlandi

O‘zbekistonlik sobiq UFC jangchisi Mahmud Murodov oxirgi janglarini bekor qilgani bois tashkilotdan chetlatilgan. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, promoushen tomonidan Murodovga beriladigan gonorar tashkilotning ko‘p yillik a’zolariga va mashhur jangchilarga to‘lanadi. Oxirgi paytlarda Murodov mashhurroq jangchilarga qarshi bahslarni turli sabablarga ko‘ra bekor qilavergani bois, tashkilot uni a’zolikdan chetlatgan, biroq Murodov promoushenda yaxshigina nomga ega bo‘lgani uchun keyinchalik UFC uni yana o‘z jangchilari qatoriga qo‘shishi mumkin.

Qayd etilishicha, Murodov keyinchalik yana UFC'ga qabul qilinsa, uning gonorari hozirgiday mo‘maygina bo‘lmasligi ehtimoli yuqori, chunki tashkilot unga dastlab nomdor sportchilarga qarshi jang bermasligi mumkin.

Ma’lumot uchun, 34 yoshli Mahmud Murodov 2019 yilda UFC'ga qo‘shilgan. U tashkilotda jami 7 ta jang o‘tkazib, to‘qnashuvlardan 4 tasida g‘alaba qozongan, 2 ta bahsda esa imkoniyatni boy bergan. Murodov ishtirokidagi 1 ta jang esa o‘tkazilmagan, deb qayd etilgan.

Parij-2024 Olimpiadasining ochilish marosimi o‘tkaziladigan manzil o‘zgarishi mumkin

Parij mezbonlik qiladigan yozgi Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimi tarixda birinchi bo‘lib stadionda o‘tkazilmaydi. Fransiya poytaxtidagi marosimda ishtirokchi sportchilarning Sena daryosi bo‘ylab qayiqlarda suzib yurishi va ularni qirg‘oqlardagi 300 ming tomoshabin tomosha qilishi rejalashtirilmoqda, biroq Olimpiada o‘yinlarining ochilish kechasida 45 mingga yaqin politsiyachi safarbar etilishiga qaramay, xavfsizlik bilan bog‘liq xavotirlar paydo bo‘lmoqda. 

Olimpiada tashkilotchilaridan o‘z rejalaridan voz kechib, ochilishni an’anaviy tarzda o‘tkazish so‘ralgan. Ba’zi Olimpiya qo‘mitalari esa o‘z sportchilarini xavfsizlik nuqtai nazaridan ochilish marosimiga borishdan bosh tortishga chaqirmoqda.

Fransiya hukumati terrorga qarshi ogohlantirish darajasini mart oyida Moskvadagi konsert zalida sodir etilgan teraktdan keyingi eng yuqori darajaga ko‘tardi. O‘shandan beri terror guruhlar futbol bo‘yicha Yevropa Chempionlar ligasi chorak finali o‘yinlarida, jumladan Parijda teraktlar uyushtirish bilan tahdid qildi.

Qayd etilishicha, Olimpiada tashkilotchilari ochilish marosimini poytaxtda joylashgan Fransiyaning eng yirik arenasi – “Stad de Frans”ga ko‘chirishi mumkin.
Tashkilotchilar va Xalqaro Olimpiya qo‘mitasining qarori hozircha noma’lum.

Otabek Umarov Gennadiy Golovkin bilan uchrashdi

O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati raisi o‘rinbosari, Osiyo Olimpiya kengashi (OOK) vitse-prezidenti Otabek Umarov mashhur bokschi, hozirda Qozog‘iston Olimpiya qo‘mitasi rahbari Gennadiy Golovkin bilan ko‘rishdi. Bu haqda Milliy Olimpiya qo‘mitasi (MOQ) matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi OOK Bosh Assambleyasida ishtirok etish uchun Bangkok shahriga yetib bordi. Tadbir arafasida rasmiylar bilan bir qator uchrashuvlar tashkil etildi.

Qozog‘iston tomoni bilan uchrashuvlarda O‘zbekiston va Qozog‘iston Milliy Olimpiya qo‘mitalarining bosh kotiblari Oybek Qosimov hamda Janar Uteshova ham qatnashdi.

Gennadiy Golovkin OOK vitse-prezidentini futbol bo‘yicha O‘zbekiston olimpiya terma jamoasining Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olgani bilan qutlab, bo‘lajak musobaqada ham omad tiladi. O‘z o‘rnida, Otabek Umarov Golovkinni yangi lavozimga saylangani bilan muborakbod etib, rahbarlik sohasida ham ulkan muvaffaqiyatlarga erishishini tiladi. Shuningdek, uni O‘zbekistonga taklif etdi va hamkorlikda ishlashdan mamnun bo‘lishini bildirdi.

Mbappe PSJdan ketishini tasdiqladi

PSJ hujumchisi Kilian Mbappe “Park de Prens” stadioni hududida tashkil etilgan tadbirga kelib, Parij klubi muxlislari bilan xayrlashdi va jamoadan ketishini tasdiqladi.

“Men sizlarga rahmat aytmoqchiman. Bu hali yakun emas, chunki Fransiya kubogi finali yaqinlashmoqda. Men va oilam uchun qilgan barcha ishlaringiz uchun sizga rahmat aytishim kerak. Futbolchi sifatida ham, inson sifatida ham ancha o‘sdim. Klubning bir qismi bo‘lish baxtiga muyassar bo‘ldim. Men yetti yil davomida har bir daqiqadan zavqlandim. Kim biladi, balki bir kun kelib yana ko‘risharmiz”, deydi Mbappe.

Qayd etilishicha, 25 yoshli Kilian “qirollik klubi”da 9-raqam ostida to‘p tepadi. U “Real” bilan 2029 yilgacha shartnoma imzolaydi.

Ma’lumot uchun, Mbappe joriy mavsum Fransiya chempionatida 28 ta o‘yinda maydonga tushib, 26 ta gol urdi va 7 golli uzatmani amalga oshirdi. “Transfermarkt”ga ko‘ra, futbolchining qiymati 180 million yevroni tashkil etadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing