Ufada o‘zbekistonlik erkak daryoda cho‘kib ketdi

3-sahifa

image

Rossiyaning Ufa shahrida O‘zbekiston fuqarosi Belaya daryosida cho‘kib halok bo‘ldi. Bu haqda “Jurnal Ufa” xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, kecha, 29 iyul kuni o‘zbekistonlik erkak Kamennaya Perepriva hududidagi ko‘prik ostida joylashgan xavfli qismda cho‘milishga qaror qilgan. U kuchli suv oqimiga bardosh bera olmay, cho‘kib ketgan.

Halok bo‘lgan fuqaroning shaxsi va voqea tafsilotlari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar ochiqlanmagan.

Ufa Fuqarolik mudofaasi boshqarmasi ma’lum qilishicha, 22–28 iyul kunlari shaharda 87 kishi, jumladan, 33 nafar bola qutqaruvchilar yordamiga murojaat qilgan. Shundan 74 kishi Belaya daryosining Solnechniy plyaji hududida qutqarilgan.

Taqqoslash uchun, o‘tgan yil davomida qutqaruvchilar suv havzalaridan jami 30 kishini, jumladan, sakkiz nafar bolani olib chiqqan. Joriy yil iyul oyidagi issiq kunlar davomida qutqarilganlar soni o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan qariyb uch barobar oshgan.

Mutaxassislarning qayd etishicha, yuqori harorat va suv sathining ko‘tarilishi sabab Belaya hamda Ufa daryolarida kuchli oqimlar yuzaga kelgan. Shu bois shahardagi daryolarda cho‘milish taqiqlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistonning To‘qtog‘ul tumanida avtomobilning Chichqon daryosiga tushib ketishi oqibatida O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing