O‘FAda hakamlar, Superliga klublari direktorlari va bosh murabbiylari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi
Sport
−
21 may 2019
3006Joriy yilning 21 may kuni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov Superligada qatnashayotgan klublar direktorlari, bosh murabbiylari va hakamlar bilan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda O‘FA Matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Yig‘ilish davomida so‘nggi paytlarda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan mamlakatdagi hakamlar saviyasini oshirish, yosh hakamlarni tayyorlash borasida ko‘plab chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Shunga qaramay, hakamlar tomonidan qabul qilinayotgan ba’zi qarorlar borasida ko‘plab bahsu munozaralar yuzaga kelayotgani, bu bahsu munozaralar natijasida hakamlarga nisbatan noto‘g‘ri fikr shakllanib qolayotgani ta’kidlandi. Ataylab qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yadigan, turli qing‘ir ishlarga aralashib yuradigan hakamlar qat’iy jazolanishi yana bir bor ogohlantirildi.
Shu bilan birga hakamlar ba’zan insoniylik omili tufayli xatolarga yo‘l qo‘yishlari kuzatilayotgani aytib o‘tildi. Bunday holatlarda klublar bosh murabbiylari o‘yin paytida o‘z hissiyotlarini jilovlab, hakamlarga nisbatan haqoratomuz iboralarni ishlatishdan tiyilishlari kerakligi ta’kidlandi. O‘FA ekspertlar guruhi tomonidan har bir hakamning harakatlari kuzatib, tahlil qilib boriladi. O‘yin natijasiga ta’sir etuvchi qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yganlar tegishli tartibda jazolanadi. Shu bilan birga ba’zi qarorlar o‘yin vaqtida muxlislarga shubhali tuyulsa-da, mutaxassislar guruhi tomonidan o‘rganib chiqilganidan keyin o‘sha vaziyatda hakamlar to‘g‘ri qaror qabul qilgani oydinlashgan vaziyatlar ham bo‘layotgani tilga olindi.
Shulardan kelib chiqib, klublar bosh murabbiylari va mutasaddilari doimo O‘FA va PFL rahbariyati bilan o‘zaro aloqada bo‘lib, xato va kamchiliklarni birgalikda bartaraf etib borish taklif qilindi.
LiveBarchasi