UEFA “Barsa”ning telehuquqlar savdosining “beliga tepdi”
Sport
−
03 avgust 2022
4218Ispaniyaning “Barselona” klubiga UEFA tomonidan Yevropa Chempionlar ligasi bo‘yicha televideniye huquqlari bo‘yicha bo‘lajak daromaddan kredit garovi sifatida foydalanishga ruxsat berilmagan. Bu haqda “The Athletic” nashri xabar qildi.
Manbaga ko‘ra, ispan jamoasi rahbariyati bu qarordan hayratda qolgan. UEFA ushbu qarorini klubning keyingi mavsumlarda Yevropa Chempionlar ligasida ishtirok etishiga kafolat bera olmasligi bilan izohlagan.
Klub televizion huquqlarning 10 foizini 20 yilga Amerika Qo‘shma Shtatlarining “Sixth Street” sarmoyaviy kompaniyasiga sotdi. Oradan biroz vaqt o‘tib, xuddi shu kompaniya “Barselona” TV huquqlarining yana 20 foizi uchun 400 million yevrodan ko‘proq pul to‘ladi. Bu degani Kataloniya klubi translyatsiyalardan keladigan daromadlarning 30 foizidan 20 yilga ayrildi. Shuningdek, “Barca Studios”ning 24,5 foiz huquqlari 100 million yevroga sotilgan.
Yuqoridagi kelishuvlar “Barselona”ga yozgi transfer oynasida faol bo‘lish imkonini berdi. Qolaversa, sotuvlar klubdagi moliyaviy vaziyatni biroz bo‘lsa-da, barqarorlashtirdi. Endilikda “Barsa” yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish harakatida.
Ma’lumot uchun, yozgi transfer oynasida Frank Kesse va Andreas Kristensen erkin agent sifatida “Barselona” bilan shartnoma imzoladi. Shuningdek, “Lids” yarim himoyachisi Rafinya Dias 58 million yevroga va Robert Levandovski “Bavariya”dan va 45+5 million yevro evaziga xarid qilindi.
LiveBarchasi