Uchtepada yana deputatlar va hokim to‘qnashuvi. Deputat hokimni deputatlar va qonunlarga “tupurish”da ayblamoqda
Jamiyat
−
17 fevral 2022 13319 4 daqiqa
Avvalroq, Xalq deputatlari Uchtepa tuman kengashi deputati, O‘zLiDeP deputatlik guruhi rahbari Nuriddin Zaynitdinov bosimlar ortidan siyosiy faoliyatini to‘xtatish va partiya safidan chiqib ketishga qaror qilgani haqida xabar bergan edik. Kecha, 16 fevral kuni deputat yana bir e’tiroz bilan chiqdi. Unga ko‘ra, Uchtepa tumani hokimi o‘zboshimchalik qilib, Xalq deputatlari Uchtepa tumani Kengashi sessiyasi qaroriga zid qaror qabul qilgan va qonun buzilishiga yo‘l qo‘ygan.
Qayd etilishicha, joriy yilning 9 fevral kuni Xalq deputatlari Uchtepa tuman Kengashining II-chaqiriq qirq to‘qqizinchi sessiyasi bo‘lib o‘tgan. Sessiyada kun tartibi bo‘yicha Uchtepa tuman 109-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktab direktori lavozimiga loyiq nomzodni tayinlash to‘g‘risida masala yuzasidan taklif etilgan ikki nomzoddan hech birining 3 yillik dasturi va o‘z dasturini yoqlashidan kelib chiqib lavozimiga loyiq deb topilmagan va xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan kelgusi sessiyaga boshqa nomzodlar berilishi yuzasidan qaror qabul qilingan.
Shuningdek deputatlar tomonidan tuman hokimiligi takliflari bilan tuman mahalliy byudjetining 2022 yil 1 yanvar holatiga shakllangan erkin qoldiq mablag‘lari hisobidan tuman hokimligida ishlovchi hodimlarga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida mebel jihozlari xaridi uchun 884 million so‘m, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-5515-sonli Farmoniga muvofiq tuman hokimligi, tuman moliya bo‘limi, tuman g‘aznachilik bo‘linmasi, tuman Xalq deputatlari kengashi kotibiyati hamda Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash bo‘limi xodimlarining 2021 yil dekabr va 2022 yilning yanvar, fevral oylari uchun lavozim maoshlariga ustama xaq belgilash xarajatlari uchun 1,2 milliard so‘m, seyf xaridi va boshqa asossiz xarajatlar bo‘yicha takliflari jiddiy e’tirozlarni keltirib chiqargan va rad qilinishi so‘ralgan.
Sessiyani S.H.Imamov olib borgan.
Yuqoridagilarga qaramasdan, Uchtepa tumani hokimi sessiyaga raislik qilmagan va sessiya ishida ishtirok etmasa-da, o‘zboshimchalik bilan sessiya qarorlarini chiqartirib, Uchtepa tumani hokimining elektron raqamli imzosi bilan imzolab, tuman Kengashi qarorlarini chiqargan.
Depututning ma’lum qilishicha, Xalq deputatlari Uchtepa tumani Kengashining 11.02.2022 yildagi II-49-5-14-202-K/22 sonli qarori Uchtepa tuman hokimi F.R.Abdullayevning elektron imzosi bilan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilinadigan qarorlarni ishlab chiqish, kelishish va ro‘yxatdan o‘tkazishning yagona elektron tizimiga yuklangan. Tuman hokimimning bu xatti-harakatlari, tuman Kengashi Reglamenti talabalari va qonunchilik normalari buzilishiga olib kelgan.
O‘zbekiston Respublikasi Byudjet kodeksining 126-moddasiga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika byudjetining, viloyatlar viloyat byudjetlarining, Toshkent shahri shahar byudjetining, tumanlar va shaharlar byudjetlarining qo‘shimcha manbalardan foydalanish to‘g‘risidagi qarorlar tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar Kengashlari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimliklarining takliflariga asosan birinchi navbatda ijtimoiy soha muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida qabul qilinishi belgilangan.
“Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: Xalq vakillarini fikri, ya’ni xalq ovozi bilan Uchtepa tumani hokimi hisoblashmaydimi? Yoki deputatlarni qonun bilan belgilangan faoliyati kafolatlarini bila turib, qo‘pol ravishda buzmoqdami? Sessiyaga raislik qiluvchi S.Imamov imzolamagan 49-sessiya qarorlari qanchalik qonuniy? 109-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktab direktori lavozimiga nomzod Gulchiroy Foziljonovna Imomaliyeva tuman Kengashi tomonidan uchinchi marotaba direktor lavozimiga loyiq emas deb qaytarilishiga qaramasdan, shu nomzodni shaxsan tuman hokimi dastagi bilan, deputatlar fikriga zid ravishda, direktor etib tayinlanishi ko‘plab savollarni keltirib chiqarmoqda”, deya haqli savollarni qo‘ygan deputat.
Uchtepa tumani hokimining Xalq deputatlari Uchtepa tumani Kengashi raisi sifatida o‘zboshimchalik qilishga haqqi bormi? Axir, qonun bor, Kengash Reglamenti bor.
“Bunday harakatlar sharmandalik, orsizlik va xalq vakillariga tupurib qo‘yishdir!”, deb yozadi Zaynitdinov.
Ayni vaziyatda Nuriddin Zaynitdinov bildirgan holatdan kelib chiqib, partiyadoshi – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev ham bir qancha savolni o‘rtaga tashladi.
“Savol: deputatlarning qarori tan olinmasa, hammasi hokim tomonidan hal etilsa, deputat o‘zi nega kerak? Saylovchi? Ko‘ryapsizmi, bir shaxs qo‘lida vakolatlarning yig‘ilib qolishi nimalarga olib keladi: qonunsizlikka, keyin esa “Fir’avnlashuvga”, deydi Kusherboyev.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr