Uchtepada oziq-ovqat do‘koni yondi
Jamiyat
−
13 iyul 2019
6323Bugun, 13 iyul kuni Uchtepa tumanida oziq-ovqat do‘konida yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda Toshkent shahar Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi Matbuot xizmati xabar berdi.
Yong‘in soat 4:34 da Uchtepa tumani, Chilonzor 6-daha, Lutfiy ko‘chasi 6-uyda joylashgan oziq-ovqat mahsulotlari do‘konida kelib chiqqan. Do‘konning 40 kv m maydoni yongan.
Yong‘in o‘chirish jangovar bo‘linmalari tomonidan ko‘rilgan tezkor chora va harakatlar natijasida yong‘in soat 04:45 da qurshab olinib, soat 04:47 da bartaraf etilgan.
Hozirda yong‘in sababi va keltirilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda. Yong‘in joyiga 4 ta yong‘in o‘chirish texnikasi jalb qilingan.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentda kecha Sergeli va Mirobod tumanidagi qurilish maydonlarida ikkita yirik yong‘in yuz bergandi. Ularning birida avtokran haydovchisi halok bo‘lgan.