Uchtepa tuman kengashi deputati siyosiy bosimga uchraganini aytdi
Jamiyat
−
25 Oktabr 2022
8096Xalq deputatlari Uchtepa tumani Kengashi deputati, Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha doimiy komissiya a’zosi Nuriddin Zayniddinov o‘ziga bosim bo‘layotganini ma’lum qildi. Bu haqda ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida yozib qoldirgan.
“Menga nisbatan ayrim masalalarda deputatlik nazorati va surishturuvi (o‘rganish) o‘tkazishim ortidan “siyosiy byurtma” bilan provokatsiya uyushtirilmoqda. Bu ayrim mansabdorlarni dumini bosib olganim sabab yuzaga kelgan holat nazarimda”, deydi u O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik Kengashi, Oliy Majlis Senati, Qonunchilik palatasi, Prezidenti Administratsiyasi va Bosh prokuraturaga murojaat qilib.
Ta’kidlanishicha, uning jamoatchilik nazorati faoli va mahalliy Kengash deputati sifatidagi qonuniy haq-huquqlari buzilib, unga har tomonlama tazyiq va siyosiy bosim bo‘lmoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 21 oktyabr kuni uning shaxsiy telefon raqamiga qo‘ng‘iroq bo‘lib, unda o‘zini ichki ishlar organlari podpolkovnigi deb tanishtirgan shaxs, Uchtepa tumani IIO FMB binosiga zudlik bilan yetib kelishini talab qilib, kelmasa qayerda bo‘lsa ham topib, olib ketishlarini aytib tahdid, bosim va provokatsiya uyushtirilgan.
“Bundan tashqari ichki ishlar va boshqa organlar xodimlari qarindoshlarimga tegishli bo‘lgan uylarga borgan, meni qidirayotganlarini ma’lum qilib, ularning qo‘ni-qo‘shnilariga savollar bergan.
Ichki ishlar organlari xodimining fikriga ko‘ra, deputat bo‘la turib, tashrifdan oldin xalqni fikrini buzib, buzg‘unchilik va g‘alamislik qilayotgan ekanman. Tanqid ham qilmasligim, imkoni bo‘lsa gapirmasligim kerak ekan”, deydi deputat.
Uning ta’kidlashicha, tasdiqlanmagan ma’lumotlarga qaraganda, tumandagi bitta organ rahbari kutilayotgan davlat tadbiri oldidan ichki ishlar organi binosiga uni chaqirtirib, daxlsizlik huquqi borligiga qaramay, qonunlarni buzib, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194-moddasini asossiz qo‘llab, 15 sutka qamoqqa jo‘natmoqchi bo‘lishgan.
Deputatning so‘zlariga ko‘ra, podpolkovnik qo‘ng‘iroqlari suhbat audiosini ijtimoiy tarmoqlarga joylaganidan so‘ng to‘xtagan.
“Normal, huquqiy davlatda deputatni asossiz va daxlsizlik huquqini yechmay 15 sutka qamoqga jo‘natish mumkinligini tassavur qilib bo‘lmaydi.
Bu uyushtirilgan provokatsiyani siyosiy byurtma sifatida baholayman va byurtmachilar va bajaruvchilarni topilib jazolanishini talab qilaman”, deydi deputat Nuriddin Zayniddinov.
U Oliy Majlisning Senati va Qonunchilik palatasidan parlamentning davlat vakillik organi a’zosi – Xalq deputatlari Uchtepa tumani Kengashi deputati sifatida uni himoya qilishlarini va parlament tekshiruvi o‘tkazilishini so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning yanvar oyida ham Nuriddin Zayniddinov siyosiy bosimga uchraganini aytib, siyosiy faoliyatini tugatmoqchiligini aytgandi.
LiveBarchasi