Uchayotgan samolyot eshigini ochmoqchi bo‘lgan yo‘lovchi hibsga olindi
Olam
−
12 dekabr 9097 1 daqiqa
Kecha, 11 dekabr kuni Gonkong politsiyasi Cathay Pacific aviakompaniyasining CX811 reysida sodir bo‘lgan hodisa yuzasidan yo‘lovchini hibsga oldi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 10 dekabr kuni Bostondan Gonkongga uchayotgan reys parvozi paytida bir yo‘lovchi samolyot eshigini ochishga uringan. Xodimlarning tezkor xatti-harakati tufayli yo‘lovchi ushlab qolingan. Hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan.
“Aeronavigatsiya xodimimiz vaziyatni darhol payqadi, eshikning to‘liq yopiqligi va xavfsizligini tekshirdi va hodisa haqida tegishli idoralar hamda politsiyaga xabar berdi”, dedi Cathay Pacific aviakompaniya mas’ul xodimi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, mijozlar va ekipaj xavfsizligi aviakompaniya qarorlarining asosiy mezoni hisoblanadi.
Gonkong politsiyasi voqeani tasdiqlab, Xitoy materik qismidan bo‘lgan 20 yoshli erkakning Aviatsiya xavfsizligi to‘g‘risidagi qonunni buzganlikda gumon qilingan holda 10 dekabr kuni erta tongda hibsga olinganini ma’lum qildi. Hozirda Gonkong politsiyasi voqea tafsilotlarini o‘rganishni davom ettirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Avstraliya Bosh vazirining samolyoti AQSHga favqulodda qo‘ngani haqida xabar berilgandi. Ekipaj a’zosi ustiga buyum tushib ketishi oqibatida jarohat olgan. Jabrlanuvchi shifoxonaga yotqizilgan va samolyot yoqilg‘i quyilganidan so‘ng Avstraliyaga uchib ketgan.
Live
Barchasi