Uch viloyatda 10 ming dollardan ortiq qalbaki pullarni sotayotganlar ushlandi

Jamiyat

image

Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) uchta viloyatda qalbaki valyutalarni muomalaga chiqarayotganlarni qo‘lga oldi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Unga ko‘ra, Sirdaryo viloyatida hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Oqoltin tumanida yashovchi, 1998 yilda tug‘ilgan shaxs aldov yo‘li bilan 2 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, ulardan biriga 10 ming, ikkinchisiga esa 4 ming, jami 14 ming qalbaki AQSH dollarini o‘tkazmoqchi bo‘lgan vaqtida ushlangan.

“Buxoro viloyatida ham shunday holat kuzatilgan. G‘ijduvon tumanida yashovchi, 1986 va 1989 yillarda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan 2 nafar shaxs xaridorga qalbaki 10 ming AQSH dollarini 5 ming AQSH dollariga sotishga kelishgan”, deyiladi xabarda. 

Shuningdek, ular qalbaki 8300 AQSH dollarini berib va qolganini tez kunda yetkazishlarini aytib, 5 ming AQSH dollarini olgan vaqtlarida DXXning Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirida qo‘lga olingan.

Bundan tashqari, shu kabi firibgarlik Navoiy viloyatida ham aniqlangan.

Ma’lum qilinishicha, Navoiy viloyatining Qiziltepa va Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanlarida yashovchi, 1993-1997 yillar oralig‘ida tug‘ilgan 3 nafar shaxs 200 ming so‘mlik qalbaki kupyuralardan iborat 400 mln so‘m qalbaki pullarni 160 mln so‘mga sotayotgan vaqtlarida Navoiy viloyatida hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda qo‘lga tushgan. 

Xabarda aytilishicha, ular tomonidan qalbaki pullar tayyorlangan savdo do‘koni binosi ko‘zdan kechirilganda kupyuralar tayyorlashda foydalanilgan noutbuk, rangli printer, skaner, qog‘oz kesuvchi uskuna, 14 dona qalbaki 200 ming so‘mlik, 1 dona 100 ming so‘mlik va 8 dona oq qog‘ozning bir tomoniga chop etilgan 200 ming so‘mlik kupyuralar borligi aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida 6 000 AQSH dollari miqdorida soxta valyutalarni sotayotgan shaxslar qo‘lga olingani haqda xabar bergan edik.

Mashhura Imomova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

DXX dollar qalbaki pullar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing