“U men va MYUni qiyin ahvolda qoldirdi”. Ten Xag Ronalduni tanqid qildi
Sport
−
16:31 681 2 daqiqa
“Manchester Yunayted”ning sobiq bosh murabbiyi Erik ten Xag “qizil iblislar” bilan ishlagan davrda Krishtianu Ronaldu jamoa uchun yetarlicha harakat qilmaganini ta’kidladi. Bu haqda u “The Athletic” nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Niderlandiyalik mutaxassisning aytishicha, Ronaldu jamoa rejalarida muhim o‘rin tutgan. Ten Xag hatto “Manchester Yunayted”ga kelishidan oldin futbolchi bilan uchrashish va o‘z maqsadlarini tushuntirish uchun Portugaliyaga borgan.
“U jamoani ham, meni ham qiyin ahvolda qoldirdi, chunki u bizning rejalarimizdan o‘rin olgan edi. “Manchester Yunayted”ga kelishimdan oldin u bilan suhbatlashish va maqsadlarim haqida gaplashish uchun Portugaliyaga borganman. Shubhasiz, Krishtianu futbol tarixidagi eng buyuk o‘yinchilardan biri. Men uni juda hurmat qilardim. Ammo o‘sha paytda murabbiy sifatida oqilona qaror qabul qilishim va o‘zim havas qiladigan futbolchilarni jamoada saqlab qolishim kerak edi”, deydi niderlandiyalik mutaxassis.
Ten Xag Ronaldu mashg‘ulotlarni qoldirgani, mashg‘ulotlarga kelganida esa yetarlicha harakat qilmaganini ta’kidlagan.
“Ronaldu mashg‘ulotlarni qoldirib ketardi, kelganida esa yetarlicha yugurmasdi. Men bu haqda unga ochiq aytganman. Unga ko‘p marta shunday deganman: “Ronni, hamma senga qulay vaziyat yaratish va kerakli pozitsiyalarga chiqishing uchun ishlashga tayyor. Ammo agar jarima maydonigacha yetib bora olmasang, gol ura olmaysan”. U buni uddalay olmayotgan edi”, deydi Ten Xag.
Uning aytishicha, futbolchi bilan bu masalada bir necha bor ochiq gaplashgan. Murabbiy Ronalduga gol urishi uchun jarima maydonidagi kerakli pozitsiyalarga yetib borishi lozimligini tushuntirgan.
“Men undan pressing qilishni talab qilganim va shu sababli u holdan toygani haqidagi gaplar noto‘g‘ri. U shunchaki kerakli pozitsiyaga yetib bora olmasdi. To‘p bilan ham, to‘psiz ham yetarlicha harakat qilmasdi. Buning sababi – u o‘zini lozim darajada tayyorlamaganida edi”, deydi MYU sobiq ustozi.
Shu bilan birga, niderlandiyalik mutaxassis har bir kuchli jamoa o‘z yulduz futbolchisi uchun qulay sharoit yaratishi kerakligini, ammo futbolchining o‘zi ham jamoa manfaati uchun mehnat qilishi shartligini qayd etgan.
Live
Barchasi