U bobom emas, otam! – Nazarboyevning nabirasi oila sirlarini OAVga olib chiqdi
Olam
−
24 yanvar 2020
30984Avvalroq, Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyevning 30 yashar nevarasi Oysulton Nazarboyevga suiqasd qilingani haqida ma’lum qilgan edik. Allaqachon ijtimoiy tarmoqlarda tilga tushib bo‘lgan, giyohvandlikka ruj’u qo‘ygan bu yigit ommani hayron qoldirishdan charchamayapti. Uning bu galgi iddaosiga ko‘ra, Nursulton Nazarboyev uning bobosi emas, balki otasi.
Bu xabar Oysultonning Facebook’dagi sahifasida paydo bo‘ldi va odamlarni shoshirib qo‘ydi. Aslida, kichik Nazarboyev boshqa narsani nazarda tutgan bo‘lishi mumkin degan munosabatlar ham yo‘q emas. Oysultonning Exclusive nashriga bergan intervyusi barcha xayollarni puchga chiqardi, u Qozog‘istonning birinchi Prezidenti bobosi emas, balki otasi ekanligini qayta takrorladi.
“Meni doim bobongga tortgansan deyishardi. Keyin ma’lum bo‘lishicha, u mening otam ekan”.
Oysultonning qo‘shimcha qilishicha, u shu paytgacha haqiqiy onasi kim ekanligini bilmaydi. Yoshligidan katta qilgan otasi Rohat Aliyev haqida gapirar ekan, unga nisbatan iliq fikrlarini bildirib o‘tgan. Hatto, Nursulton Nazarboyev haqida ham. Go‘yoki uni asrab olgan onasi — Darig‘a Nazarboyeva haqida esa mutlaqo teskari gapirgan. Oysultonning so‘zlariga ko‘ra, Darig‘a — kulrang kardinal (siyosatda rasmiy vakolatga yoki lavozimga ega bo‘lmagan, ammo o‘z hukmini o‘tkaza oladigan nufuzli shaxslarga berilgan nisbat. Ularni “Soya hukumati” vakillari ham deyishadi – tahr). Aynan u tufayli Nazarboyev o‘z postidan ketdi.
Nazarboyevning erka nabirasi, shuningdek, uzoq yillar mobaynida giyohvand moddalari iste’mol qilib kelishini ham yashirib o‘tirmadi. Jurnaldagi ma’lumotlarda aytilishicha, ayni paytda Oysulton davolanayotgan Priory Hospital Hayes Grove shifoxonasida giyohvandlar va depressiyaning og‘ir shakliga yo‘liqqanlar davolanadi.
Oysulton onasi va uning odamlaridan judayam qo‘rqishini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, milliy xavfsizlik qo‘mitasi ham onasining “sehru-jodusi”ga qarab ish tutadi.
Ma’lumot o‘rnida shuni keltirib o‘tish joizki, Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasining sobiq rahbari Alnur Musayev o‘tkazilgan DNK natijalariga ko‘ra, Oysulton Nazarboyev Rohat Aliyevning o‘g‘li ekanligini ta’kidlagandi.
Darig‘a Nazarboyeva — Elboshi Nursulton Nazarboyevning to‘ng‘ich qizi hisoblanadi. U Qozog‘iston siyosatida nufuzli shaxslardan biri. Ayni paytda mamlakat Senatining raisi.
Sarvar Anvar o‘g‘li
LiveBarchasi