Twitter aksiyadorlari Ilon Maskni sudga berdi

Olam

image

“Tesla” va “SpaceX” kompaniyalari rahbari Ilon Mask Twitter’ning barcha aksiyalarini sotib olish taklifini bergandan keyin ijtimoiy tarmoq aksiyadorlari uni va Twitter'ni sudga berdi. Bu haqda CNBC axborot portali ma’lum qildi.

Sudga kiritilgan jamoaviy da’voda Twitter aksiyadorlari Mask bozorni ataylab manipulyatsiya qilgani va “xaotik” bitim tuzgani aytilgan. Da’vogarlar ijtimoiy tarmoqda spam-akkauntlar sonini tekshirish faqat narxni kamida 11 milliard dollarga pasaytirish yoki milliarder uchun foydasiz bitimdan butunlay voz kechish maqsadida boshlanganini iddao qilmoqda.

“Bundan tashqari, Mask kompaniyaning 5 foiz ulushiga ega ekanligini juda kech e’lon qildi. Kerakli ma’lumotni kechiktirish orqali Mask moliyaviy foyda ko‘rdi”, deyiladi da’voda.

Shuningdek, tadbirkor direktorlar kengashi va top-menejerlarning maxfiy ma’lumotlarini bilib, Twitter aksiyalarini sotib olgani ham qo‘shimcha qilingan. Da’vogarlarning so‘zlariga ko‘ra, u buni boshqaruv a’zolari va ijtimoiy tarmoq rahbarlari bilan o‘tkazgan shaxsiy suhbatlarida bilgan.

Holat yuzasidan Mask izoh bermagan, Twitter esa javob berishdan bosh tortgan.

CNBC ma’lumotlariga ko‘ra, Maskning taklifidan keyin Twitter aksiyalari narxi 12 foizdan ko‘proqqa, “Tesla”niki esa 28 foizga arzonlashgan. 

Bundan oldin Ilon Mask Twitter ijtimoiy tarmog‘ini xarid qilish uchun yig‘ilgan mablag‘ 33,5 milliard dollarga yetganini ma’lum qilgandi. Tadbirkor investorlarga ham murojaat qilib, kelishuvni yakunlashiga ishontirgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 25 aprel kuni Twitter rahbarlari Ilon Maskning ijtimoiy tarmoqni sotib olish bo‘yicha 44 milliard dollarlik taklifini qabul qilganini e’lon qildi. AQSH Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasiga ko‘ra, milliarder kelishuvni bekor qilsa, u Twitter’ga 1 milliard dollar jarima to‘lashi kerak. Bitimning yakuniy sanasi 2022 yil 24 oktyabrga belgilangan.

Ilon Mask o‘zini “erkin so‘z absolyutisti” deya ta’riflaydi. U bir necha bor Twitter’ning moderatsiya siyosatini tanqid qilgan va bu platforma haqiqiy so‘z erkinligiga xizmat qilishi kerakligini aytgan. Twitter bilan erishgan kelishuvi ortidan chiqargan bayonotida u so‘z erkinligini “faol demokratiyaning asosi” deb atadi.


Maqola muallifi

Teglar

Twitter Ilon Mask “Tesla” va “SpaceX”

Baholaganlar

149

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing