Turoperatorlarga qator imtiyozlar berildi
Jamiyat
−
15 avgust 2019
4541Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzolagani haqida xabar bergan edik.
Farmonga muvofiq 2023 yil 1 yanvarga qadar quyidagilar:
a) yetib borish qiyin bo‘lgan va chekka joylarda (aholi yashash punktlaridan kamida 10 kilometr yoki qattiq qoplamali avtomobil yo‘llaridan 5 kilometr uzoqlikda) kempinglar va “safari” turizmini tashkil etish bo‘yicha turizm xizmatlarini ko‘rsatadigan yuridik shaxslar alohida avtonom infratuzilmani yaratgan taqdirda mazkur faoliyat turi bo‘yicha yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i, yer solig‘i va mol-mulk solig‘i, shuningdek, yagona soliq to‘lovi to‘lashdan;
b) yuridik shaxslar, ularning loyiha tashkilotlari, bosh pudratchi va subpudratchi tashkilotlari jahon standartlariga mos va zarur madaniy ko‘ngilochar infratuzilmalariga ega golf majmualarini barpo etish loyihasini amalga oshirish doirasida:
• foyda solig‘i, yer solig‘i va mol-mulk solig‘idan;
• loyihani amalga oshirish uchun jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarning mehnatiga haq to‘lash fondi qismi bo‘yicha yagona ijtimoiy to‘lovdan;
• loyihani amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan tovarlarni, shu jumladan, “vaqtincha olib kirish” bojxona rejimida olib kirishda bojxona boji va aksiz solig‘idan;
v) namunaviy loyihalar bo‘yicha zamonaviy sanitariya-gigiyena shoxobchalarini qurish va (yoki) ularning faoliyatini tashkil etishni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar mazkur faoliyat turi bo‘yicha yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i, yer solig‘i va mol-mulk solig‘i, shuningdek, yagona soliq to‘lovini to‘lashdan;
g) O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan dor (osma) yo‘llarini, “banji-jamping” va “ziplayn” attraksionlarini, boshqariladigan (dirijabl, havo shari) va boshqarilmaydigan (erkin uchish) aerostatlar, gondolalar, “rafting” va “flaybording” uchun uskunalar, shuningdek, “buggy car”, faetonlar, joylashtirish vositasi sifatida tunab qolish uchun jihozlangan (g‘ildirak ustidagi uylar) yoki kafe-furgonlarga aylantirilgan (“fudtrak”) yer usti transport vositalari bojxona boji va aksiz solig‘idan ozod etilsin.