Turkmanistondan O‘zbekistonga elektr energiyasi yetkazib berish to‘xtab qoldi
Jamiyat
−
21 Oktabr 2020
6741Bugun, 21 oktyabr kuni tonggi soat 06:52 da Turkmaniston energetika tizimiga qarashli 500 kVli “Serdar-Mari GRES” deb nomlanuvchi yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘i favqulodda o‘chdi. Bu haqda “O‘zbekiston MET” AJ Axborot xizmati xabar berdi.
Ushbu havo tarmog‘i orqali O‘zbekistonga 750 MVtgacha elektr energiyasi importi yetkazib berilayotgan edi. Havo tarmog‘ida sodir bo‘lgan nosozlik tufayli, avariyaga qarshi avtomatikaning ishlashi oqibatida, O‘zbekiston energetika tizimida 316 MVt quvvat bilan iste’molchilar vaqtincha tarmoqdan uzildi.
Ta’kidlanishicha, tonggi soat 7:00 dan boshlab elektr stansiyalardagi mavjud rezerv quvvatlarni oshirish orqali tarmoqdan uzilgan iste’molchilarga kuchlanish berish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.
Hozirgi paytda Turkmaniston energetika tizimi mutaxassislari havo tarmog‘ini ishga qo‘yish borasida sozlash ishlarini olib borishmoqda. Tez orada elektr uzatish tiklanadi.
Jamiyat yuzaga kelgan texnik-muhandislik holati uchun iste’molchilardan uzr so‘ragan.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston iste’molchilarini elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida “Issiqlik elektr stansiyalari” hamda “O‘zbekgidroenergo” gidroinshootlar tomonidan elektr energiyasini ishlab chiqarish jarayoni rejaga muvofiq davom etmoqda va bu mamlakatdagi kunlik iste’molning asosiy qismini (taxminan 94–97 foizini) qoplaydi.
LiveBarchasi