Turkmanistonda to‘liq karantin joriy qilinishi mumkin
Olam
−
27 Oktabr 2020
8337Turkmaniston Hukumati koronavirus tarqalishining oldini olish choralarini jiddiy kuchaytirish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu Toshhovuz viloyatidagi DZ-K/8 ayollar koloniyasida COVID-19 tarqalgani bilan bog‘liq. “Asia Plus” xabariga ko‘ra, koloniyada vaziyat og‘ir.
Ma’lum bo‘lishicha, hozirgacha koloniyadagi 500 nafar ayolda COVID-19 aniqlangan. Shuningdek, Lebop viloyatidagi epidemiologik vaziyat ham jiddiylashmoqda, viloyatdagi karantin zonasida 10 kun avval bir necha kishida koronavirus aniqlangan.
Turkmaniston hukumatiga yaqin manbaning xabar berishicha, DZ-K/8 ayollar koloniyasida koronavirus tarqalgani, shuningdek, Lebop viloyatidagi vaziyat murakkablashayotgani sababli butun mamlakat bo‘ylab qat’iy karantin choralarini joriy qilish masalasi jiddiy muhokama qilinmoqda.
“Qaror hali qabul qilingani yo‘q, biroq 1 noyabrdan hududlarning to‘liq izolyatsiya qilinishi, jumladan, ichki aviaqatnovlarning to‘xtatilishi, viloyatlar o‘rtasidagi harakatning taqiqlanishi, xususan, Ashxobodga boshqa viloyatlardan kirishning taqiqlanishi kutilmoqda. Ommaviy tadbirlar o‘tkazilishi cheklanishi mumkin. Bundan tashqari, odamlarning uydan tashqarida bo‘lishiga ham jiddiy cheklov qo‘yilishi mumkin”, deyiladi manba xabarida.
Turkmanistonda bir qator karantin choralari allaqachon joriy qilingan. Xususan, niqob taqish, yo‘lovchi tashuvchi poyezdlar qatnovining to‘liq to‘xtatilishi, viloyatlar o‘rtasidagi transport qatnoviga qat’iy cheklovlar. 2020 yilning iyul oyida joriy qilingan mazkur cheklovlar doimiy ravishda uzaytirilmoqda. 15 oktyabrda mazkur cheklovlarning 15 noyabrgacha uzaytirilishi e’lon qilingan.
“Toshhovuzdagi koloniyada 500 nafardan ortiq ayol koronavirus bilan kasallangan. Vaziyat jiddiy. Kasallanganlarning katta qismida ikki tomonlama pnevmoniya va o‘pkaning jiddiy zararlanishi kuzatilmoqda. Kasallanganlar boshqalardan izolyatsiya qilingan, biroq mazkur muassasadagi sharoitlarda to‘liq izolyatsiya va ajratishni ta’minlashning imkoni yo‘q. Asosiy sabab koloniyaning to‘lib ketgani hisoblanadi”, degan manba.
Koloniyada kasallangan ayollarning 200 nafari og‘ir ahvolda, shifokorlar ularning ko‘pchiligini qutqarib bo‘lmasligini aytmoqda.
Qayd etilishicha, 1000 nafar mahbusga mo‘ljallangan koloniyada ayni paytda 1500 nafardan ortiq ayol jazo muddatini o‘tamoqda.
Avvalroq Turkmaniston maktablarida har bir sinfdagi o‘quvchilar soni 15 nafargacha, darslar davomiyligi esa 25-35 daqiqagacha qisqartirilgandi. Shuningdek, maktab dasturidagi ba’zi fanlar ham qisqartirilgandi.
Bundan tashqari, diniy muassasalar yopilib, sport musobaqalari ham to‘xtatib qo‘yilgan.
LiveBarchasi