Turkmanistonda prezidentlikka nomzodlarni ro‘yxatga olish tugatildi. Da’vogarlar orasida maktab direktori ham bor

Olam

image

Turkmaniston Markaziy saylov komissiyasi kecha, 22 fevral kuni mamlakat prezidentligiga so‘nggi ikki nomzodni ro‘yxatga oldi va ro‘yxatga olish yakunlanganini e’lon qildi. Ro‘yxatga olingan nomzodlar orasida amaldagi davlat rahbarining o‘g‘li Sardor Berdimuhamedovning qo‘li ancha baland kelishi ehtimoli juda yuqori. Qolgan nomzodlar mashhurligi bo‘yicha undan ortda. 

“Turkmaniston davlat jismoniy tarbiya va sport instituti fan bo‘yicha prorektori Xidir Nunnayev va Turkmaniston Demokratik partiyasi Saparmirat Turkmanboshi etrap (tuman)i qo‘mita raisi Maksat Odeshov, shuningdek, fuqarolarning tashabbuskor guruhlari tomonidan ilgari surilgan Turkmaniston prezidentligiga nomzodlar ro‘yxatga olindi”, deyiladi bayonotda.

Qayd etilishicha, nomzodlarni ro‘yxatga olish yakunlangan. 

Turkmanistonda prezidentlikka nomzodlar siyosiy partiyalardan, shuningdek, viloyatlar va Ashxobod shahridan tashabbuskor guruhlardan ko‘rsatiladi. 

Uch partiya ham o‘z nomzodlarini ilgari surdi. Turkmaniston Demokratik partiyasidan esa amaldagi Prezident Gurbanguli Berdimuhamedovning o‘g‘li – Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari lavozimini egallab turgan Sardar Berdimuhamedov nomzodi ko‘rsatilgan.

Agrar partiya Mari viloyati rahbari o‘rinbosari Agadjan Bekmirodov hamda Sanoatchilar va tadbirkorlar partiyasi “Wepaly gurlusyk” iqtisodiy jamiyati direktori Babamirat Meredov nomzodini ilgari surdi. 

Fuqarolarning tashabbuskor guruhlari tomonidan yana olti nafar nomzod tavsiya etilgan: 

•    Axal viloyatida Bobodayxon etrapining sanitariya-epidemiologiya xizmati boshlig‘i Maqsatmirat Ovezgeldiyev;

•    Bolqon viloyatida – Turkmaniston parlamenti quyi palatasi deputati Berdimammet Gurbanov; 

•    Lebap viloyatida – moliya-iqtisodiy o‘rta kasb-hunar maktabi direktori Perhat Begenjov; 

•    Mari viloyatida – Turkmaniston Davlat energetika institutining “Qayta tiklanuvchi energiya manbalari” ilmiy-ishlab chiqarish markazi direktori Kakageldi Sariyev. 

22 fevral kuni ro‘yxatga olingan Maskat Oshedov va Xidir Nunnayev mos ravishda Dashoguz viloyati va Ashxobod shahridan nomzod bo‘lgan.
11 fevral kuni Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov parlament yuqori palatasi yig‘ilishida hokimiyatga yoshlarga yo‘l berish vaqti kelganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, ikki yil oldin u Muhammad (s.a.v) payg‘ambar yoshidan o‘tgan va hozir "qiyin qaror" qabul qilgan.  Ertasi kuni Saylov va referendum o‘tkazuvchi markaziy komissiya muddatidan oldin prezidentlik saylovi 12 martga belgilanganini ma’lum qildi.  14 fevral kuni mamlakatda saylovoldi tashviqoti boshlandi,  Serdar Berdimuhamedov prezidentlikka birinchi nomzod sifatida ro‘yxatga olindi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 11 fevral kuni Ashxobodda Turkmaniston parlamentining yuqori palatasining navbatdan tashqari yig‘ilishida qatnashgan Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov endilikda Xalq maslahati raisi sifatida siyosiy tajribasini mamlakat taraqqiyotiga sarflash, o‘z o‘rnini yosh kadrlarga topshirish niyatida ekanini aytgandi. 12 fevral kuni mamlakatda navbatdan tashqari Prezident saylovi o‘tkazilishi e’lon qilindi. Saylov 12 martga belgilandi.

14 fevral kuni Turkmanistonda prezidentlik saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasi boshlandi, uning birinchi bosqichi nomzodlarni ko‘rsatish edi.

Mamlakatda uchta partiya bor: Demokratik partiya, Agrar partiya va Turkmaniston sanoatchilar va tadbirkorlar partiyasi.

Turkmaniston Konstitutsiyasiga muvofiq prezidentlikka nomzodlar 40 yoshga to‘lgan, shu mamlakatda tug‘ilgan va unda so‘nggi 15 yil davomida doimiy yashayotgan va ishlagan fuqarosi bo‘lishi kerak. U yetti yilga saylanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkmaniston Prezidenti saylovi

Baholaganlar

171

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar