Turkmaniston Trampning qaroridan norozi

Olam

image

AQSHning Turkmaniston fuqarolari uchun qisman kirish taqiqini joriy etishi Ashxobodda “keskin tushunmovchilik va tashvish” uyg‘otdi. Bu haqda Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi bayonot berdi.

Vazirlik Amerika hukumatining bu qarorini “shoshma-shosharlik bilan qabul qilingan qadam” sifatida baholamoqda. Bayonotda ta’kidlanishicha, bu qaror ikki tomonlama hamkorlik natijalarini, jumladan, migratsiya siyosati bo‘yicha erishilgan yutuqlarni inobatga olmagan.

“BMT Bosh assambleyasi tomonidan uch marotaba tan olingan doimiy betaraflik maqomiga ega Turkmaniston migratsiya sohasidagi barcha xalqaro me’yor va qoidalarga qat’iy rioya qiladi. Turkmanistonning BMT konvensiyalarini amalga oshirish tajribasi – qochqinlar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar huquqiy, ijtimoiy, gumanitar va boshqa masalalarini tartibga soluvchi hujjatlar bo‘yicha dunyodagi eng ilg‘or tajribalardan biri hisoblanadi. Bu holat BMT va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar himoyasidagi turli xalqaro forumlarda muntazam ravishda qayd etiladi”, deyiladi bayonotda. 

Shuningdek, Markaziy Osiyodagi ushbu respublika fuqarolarning chiqish va kirish masalasini o‘zaro asosda ko‘rib chiqishini ta’kidlaydi. Bu esa manfaatdor tomonlarning qonunlarini tegishli darajada nazorat qilish imkonini beradi. Turkmaniston fuqarolari, jumladan AQSHga chiqayotganlar ham yuqori darajadagi qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslik xususiyati bilan ajralib turadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp “AQSHni xorijiy terrorchilar va boshqa xavflardan himoya qilish maqsadida xorijiy fuqarolarning kirishini cheklash to‘g‘risida”gi hujjatni imzolagandi. Ushbu hujjatga ko‘ra, 19 ta davlat, jumladan Turkmaniston fuqarolari uchun AQSHga to‘liq yoki qisman kirish taqiqi joriy etiladi.

Turkmaniston ushbu ro‘yxatga viza muddati o‘tib ketgan fuqarolarining ko‘rsatkichlari sababli kiritilgan. Xususan, ishbilarmonlik va sayyohlik vizalari bo‘yicha 15,35 foiz talaba, kasbiy va almashinuv vizalari bo‘yicha 21,74 foiz vizalarning muddati buzilgan. Shu sababli ushbu vizalarning barcha turlari bo‘yicha kirish to‘xtatilgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Turkmaniston Ashxobod

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing