Turkmaniston “Temir yo‘llari” rahbari Rossiyada narkotik bilan ushlandi
Olam
−
03 noyabr 2025 12416 2 daqiqa
Joriy yilning oktyabr oyi boshida Moskvaning Domodedovo aeroportida Turkmanistonning davlatga qarashli “Demirýollary” kompaniyasi bosh direktori Xidir Rahmonov va uning sevgilisi qo‘lga olingan. Rossiya bojxonachilari juftlikning shaxsiy buyumlari orasidan LSD tabletkalarini topgan. Sud qaroriga ko‘ra, Rahmanov tergov izolyatoriga joylashtirilgan. Bu haqda “Turkmen.news” xabar berdi.
Qayd etilishicha, rasmiy shaxsning qo‘lga olingani haqidagi ma’lumotni “Turkmen.news” nashriga bir-biridan mustaqil ikkita manba tasdiqlagan. Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 4 oktyabrga o‘tar kechasi Rahmonov sevgilisi bilan S7 aviakompaniyasi reysi orqali Ashxoboddan Moskvaga uchib borgan. Domodedovo aeroportining bojxona nazoratida ayolning o‘zini provokatsion tutishi xodimlarning e’tiborini tortgan. Shaxsiy buyumlar tekshirilganda, sintetik psixoaktiv modda hisoblangan LSD tabletkalari topilgan.
“Turkmanistonning Rossiyadagi elchisi Eson Aydog‘diyev bu ishni yopishga uringaniga qaramay, Domodedovo shahar sudi sudyasi Dina Xansi Rahmonovni 3 dekabrgacha qamoqda saqlash to‘g‘risida qaror chiqargan”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, “Demirýollary” kompaniyasi 2020 yilda o‘sha paytdagi prezident Gurbanguli Berdimuhamedov qarori bilan “Turkmendemirýollary” agentligi (hozirgi Temiryo‘l transporti vazirligi) negizida tashkil etilgan. Kompaniya Turkmaniston temiryo‘l infratuzilmasining bir qismini boshqaradi, yo‘lovchi va yuk tashish, shuningdek temiryo‘llarga oid ko‘prik va boshqa inshootlarni qurish bilan shug‘ullanadi.
Xidir Rahmonovning ukasi Arkach Rahmonov esa Turkmaniston Prezidenti xavfsizlik xizmati ofitseri hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkmanistonning 78 yoshli sobiq bosh prokurori Qurbonbibi Otajonova joriy yilning 26 sentyabr kuni Toshhovuzdagi (Turkmaniston) DZ-E/8 ayollar qamoqxonasida vafot etgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi