Turkiylar “til biriktirdi”
Intervyu
−
17 Sentabr
17241So‘nggi yillarda siyosiy tomonlama yaqinlashishga harakat qilayotgan turkiy davlatlarni olimlar til orqali birlashtirmoqchi. Joriy yilning 11 sentyabr kuni Ozarbayjonning Boku shahrida Xalqaro turk akademiyasi va Turk lingvistlari jamiyati tomonidan turkiy davlatlar uchun umumiy alifbo tasdiqlandi. Jami 34 harfdan iborat bo‘lgan mazkur alifbo loyihasi aslida 33 yil oldin, ya’ni 1991 yilda taklif qilingan va ilk bor barcha turkiy olimlar tomonidan ma’qullandi.
O‘zbek alifbosidan farqli ravishda o‘rtoq alifbo 9 unli va 25 undoshdan iborat. Bunda U unlisining uch shakli, A va I unlilarining ikki xil talaffuzli shakllari o‘rtoq alifbodan o‘rin olgan. Boshqa turkiy xalqlar nutqida borligi uchun X va H harflari aslicha qoldirilgan.
Shuningdek, Sh, Ch, O‘, G‘, NG harflarining yozilishi soddalashtirilgan, tutuq belgisidan esa butunlay voz kechilgan. Xo‘sh, bu alifbo O‘zbekistonga nima beradi? Qachon va qanday joriy qilinadi. Haqiqatdan ham alifbo turkiylarning boshini bir qila oladimi? Bu savollarga QALAMPIR.UZ O‘zbekiston olimlari nomidan loyihani tasdiqlagan professor, pedagogika fanlari doktori Qozoqboy Yo‘ldoshevdan javob oldi.
“Turkiy davlatlar tashkiloti tuzilganidan keyin prezidentlarning o‘rtasida yanayam yaqinlashmoq, bir-birini to‘laroq anglash uchun yozuvlarimizni o‘rtoq bir holga keltirsak, degan g‘oya paydo bo‘ldi. Ana shu g‘oyaning ijrosi uchun esa O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon va Turkiya vakillari tomonidan bir o‘rtoq alifboni isloh qilish, yaxlit holatga keltirish yuzasidan komissiya tuzilgan. Shu komissiyada bizning vakillarimiz ham qatnashgan. Hozir endi Bokuda, Bokugacha ham turli joylarda uchrashuvlar bo‘ldi. Olimlar tomonidan ancha vaqtdan beri shu masalani bir to‘xtamga olib kelish uchun harakat qilindi va nihoyat, mana shu kechagi, 11 sentyabr kuni bu aniq bo‘ldi”, dedi Yo‘ldoshev.
Uning aytishicha, bu oddiygina ishdek ko‘rinishi mumkin, lekin aslida judayam katta tarixiy hodisa bo‘ldi. 1926 yilda turk-lotin yozuviga o‘tish g‘oyasi bo‘lgan turk dunyosida o‘rtoq alifbo masalasi oxirigacha yetkazilmagan edi. Bu safar olimlar tomonidan oxirigacha ishlab chiqildi. Lekin bu degani hammasi qabul bo‘ldi-yu, ertadan boshlab bu joriy qilinadi degani ham emas.
Xo‘sh, alifboning joriy etilishi qanday bo‘ladi, maktablarda o‘qitila boshlanadimi?
“Aslida niyat hamma darajada ishlatish. Uni boshlang‘ich sinfdan tortib, ya’ni boshlang‘ich sinfdan ilmiy ishlargacha, badiiy adabiyotgacha o‘sha yozuvga o‘tish haqida gap ketyapti. Turk dunyosining yagona alifbosi sifatida qabul qilish bir kunda yoki bir yilda darrov amalga oshadigan hodisa deb aytish qiyin. Buning uchun juda katta tayyorgarlik ko‘rilishi kerak. Ayniqsa, haligacha yozuv masalasida bir to‘xtamga kela olmagan o‘zbekka ancha mashaqqat tug‘diradi. Biz hali 9 ta unlini, uni qaysi o‘rinlarda ajratish kerakligini o‘rganmaganmiz. 1940 yildan beri o‘zbek alifbosida 6 ta unli bor degan fikr singdirib kelindi. Biz o‘tin bilan o‘tni farqlamaymiz, bitta harf bilan yozishga urinamiz. Biz bularni boshqa-boshqa harf bilan ifodalashimiz kerak. Bu endi tashvish lekin bizning tilimizni boyitadigan va uning tabiatiga xiyonat qilmaydigan tutum”, dedi u.
Bu butun turkiy millatlar uchun bir-birini hech qanday vositachisiz tushunish imkonini beradi. Albatta, yangi alifboni qabul qilishni istamaydigan odamlar ko‘plab topiladi.
“Mana shu vaqtgacha muammoli bo‘lgan 4 ta harfni almashtirolmay keldik-ku. Agar hozir qilmasak, bu ish shundayligicha qolaveradi. Rus alifbosiga 6 oyda o‘tilgan. Avvalo, tilning tabiatiga xiyonat qilinmaydi, o‘t bilan o‘rning farqiga boradigan o‘zbek dunyoga keladi. Masalan, hozir juda ko‘pchilik odamlar “o‘ng qo‘l”, “ming” degan so‘zlarni ayta olmaydi, “o‘n qo‘l” , “min” deydi. Masalan, yana “ko‘ngil” so‘zida “ng” harfini ajratib bo‘g‘in ko‘chiradiganlar bor. Yozuv degani qudratli narsa bu – odamning fonetik xususiyatlarini ham o‘zgartirib yuboradi. Biz tilga nisbatan noto‘g‘ri munosabatimizni to‘g‘rilab olishimiz kerak. qachondir baribir to‘g‘rilaymiz. Biz qilmasak, bizdan keyin shu ishni qilishadi. Ularga qoldirmasligimiz kerak, qiynaldikmi, qiynaldik?! 35 yilda shu 4 ta harfni real qilolmadikmi, demak, 36 yilda shuning 9 tasini ham to‘g‘rilashimiz kerak”, deya tushuntirdi Yo‘ldoshev.
Ko‘rinadiki, loyiha bo‘yicha oldinga qo‘yilgan maqsadlar ancha yuqori. Bu g‘oyani amalga oshirishning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor. Turkiy alifboning O‘zbekistonda joriy etilishiga nafaqat olimlar, balki hukumat ham, xalq ham harakat qilishi kerak. Ammo turkiylarning xoh til bo‘lsin, xoh boshqa soha bo‘lsin birlashishiga qarshi kuchlar yo‘q emas.
“G‘alati, bizdagi “O” harfi butun turk dunyosida “O‘” sifatida o‘qiladi. Bizni boshqa turkiylardan shu darajada ajratishga harakat qilinganki, bu harflarimizga ham ko‘chib ketgan. Oqibatda biz yana bir qarich qardoshlarimizdan uzoqlashganmiz. Agar yana turkiy dunyoga intilaman desak, qiyin bo‘lsa ham agar yana ularga yaqinlashaman desak, baribir o‘rtoq alifboni qabul qilishimiz kerak. Xuddi shuncha yillar davomida 4 ta harfni o‘zgartirmaganimiz kabi. Aslida boshidanoq shundoq Turkiyaning, Ozarbayjonning alifbosiga o‘zimiznikini qo‘shib qo‘ysak bo‘lardi. Shunday qilmoqchi ham edik. Ammo birdaniga bizning alifbomiz ularnikidan farq qilishi kerak bo‘lib qoldi. Kimdir atayin o‘zbekni boshqa turkiylardan ayirishga urinayotganday, go‘yo” dedi professor Qozoqboy Yo‘ldoshev.
2023 yilda Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi davlatlari uchun umumiy til sifatida rus tili belgilangan edi. Hamdo‘stlik davlatlarining aksariyati esa turkiylar. Rus tili turkiylarning birikuvi uchun qanday ta’sir qiladi? Turkiy til tarafdori bo‘lgan olimlar bunga qanday kurashadi?
“Olimlar o‘zlari xohlagan gapni aytishga jur’at etolsalar aytadi. Masalan, yaqindagina Abdulla Abduqodirov degan mutaxassis rus tili hammamiz uchun davlat tili bo‘lishi kerak degan fikrni aytdi. Uning bunday fikr bildirishiga haqqi bordir, ammo mening ham bir o‘zbek sifatida, turk sifatida, odam sifatida unga qarshi fikr bildirishga haqqim bor. Kimning fikri ma’qullanishi esa bizning jamiyatimizning saviyasiga bog‘liq. Ha, byudjetning pulini asraymiz deya bu g‘oyalarga batamom qarshi turadiganlar yo‘q emas. Ammo shuni unutmaslik kerakki, turkiy birlashuv xoh til tomonlama, xoh iqtisodiy tomondan, yoki boshqa, har qanday sarflangan millionlarni, milliardlarni qaytarib beradi, ortig‘i bilan qaytarib beradi”, deb aytdi u.
LiveBarchasi