Turkiyaning eng taniqli internet nashri bilan QALAMPIR.UZ o‘rtasida hamkorlik o‘rnatildi
Jamiyat
−
06 fevral 2019
5284O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi uzoq tarixga borib taqaluvchi do‘stlik va qardoshlik munosabatlari kun sayin sayqal topib bormoqda. Turkiya O‘zbekistonning ishonchli do‘sti, strategik hamkoriga aylandi. Bu rishtalarni mustahkamlash, aloqalarni yanada rivojlantirish va yangi bosqichga olib chiqishda OAVning alohida o‘rni bor.
Ayni damda QALAMPIR.UZ axborot-tahliliy internet nashri rahbari Qamariddin Shayxov Turkiyada bo‘lib turibdi. Tashrifdan Turkiyaning eng nufuzli gazeta va jurnal, radio, televideniye va internet nashrlari rahbarlari bilan uchrashib, hamkorlik o‘rnatish o‘rin olgan.
QALAMPIR.UZ Turkiyaning eng ko‘p o‘quvchisiga ega bo‘lgan, kuniga 3,5 million kishi tashrif buyuradigan eng katta internet-nashr Haber7.com tahririyatida bo‘lib, internet nashr boshqaruv raisi, qolaversa, Bosh muharrir Usmon Otashli bilan uchrashdi.
Uchrashuvda ikki internet-nashr o‘rtasidagi hamkorlikka ilk tamal toshi qo‘yildi.
"O‘zbekiston Markaziy Osiyoning yuragi. Oxirgi ikki yilda mamlakatda juda katta o‘zgarishlar ro‘y beryapti. Odamlarning davlatga ishonchi ortgan. OAVda tahliliy va tanqidiy maqolalarga keng o‘rin berilmoqda. Va albatta, Hukumat tanqidlarga befarq emas. Aksincha, OAVda yoritilgan muammolar ko‘pga qolmay o‘z yechimini topmoqda.
2016 yilning nobyar oyida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning O‘zbekistonga tashrifi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yilda Turkiyaga amalga oshirgan tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamladi. Ayniqsa, 2018 yilning aprel oyida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifi ikki davlatning siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy, ijtimoiy sohalardagi hamkorligida yangi sahifa ochdi", deydi Qamariddin Shayxov.
U O‘zbekistonda Turkiyaga, turk xalqiga bo‘lgan munosabat haqida gapirarkan, QALAMPIR.UZ O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligidan turk tilida xabar uzatish uchun litsenziya olgan ilk rasmiy OAV bo‘lganini qayd etdi. Mazkur guvohnoma QALAMPIR.UZ’ga 2017 yilning to‘rtinchi choragida berilgan edi.
"Turkiyaga tez-tez kelaman. Aslida Haber7.com’ni ancha avval ziyorat qilishim kerak edi. Boisi biz 2015 yilda QALAMPIR.UZ’ni tashkil qilishimizdan avval, Haber7.com’dan ilhomlanganmiz", deya qayd etdi QALAMPIR.UZ rahbari.
"Ochig‘i tashrifingizdan juda xursand bo‘ldik. O‘zbekistonda bizning saytimizni kuzatishlari, hatto, boshqa internet nashr ochishda ilhom olinganini o‘ylab ham ko‘rmagandik.
Tasdiqlaganingizdek, ayni vaqtda Turkiya va O‘zbekiston munosabatlari rivojlanib bormoqda. Biz jurnalistlar o‘rtasidagi hamkorlik esa ikki mamlakat do‘stligini tashqi zarbalardan himoya qiladi".
Uchrashuvda ikki OAV rahbarlari o‘zaro tajriba almashdilar. QALAMPIR.UZ o‘z tajribasidan kelib chiqib, ijtimoiy tarmoqlarda, xususan Instagram’da Haber7.com’ning sahifasini muntazam to‘ldirib borish, xabarlarni Instagram’da ham ulashish taklifini bildirdi. Ayni vaqtda QALAMPIR.UZ’ning Instagram sahifasini 711 mingdan ortiq foydalanuvchi kuzatib kelmoqda. Haber7.com’ning kuzatuvchilari soni esa 3 oyda qariyb 53 mingga yetgan. Muloqotda o‘quvchilar sonini orttirish borasida ham alohida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.
Haber7.com bundan buyon QALAMPIR.UZ’ning Turkiyadagi ilk rasmiy manbasi sifatida O‘zbekistonga xabarlar uzatib boradi.