Turkiyaning birinchi astronavti kosmosga uchdi

Olam

image

Amerikadagi SpaceX xususiy kompaniyasi Crew Dragon kosmik kemasini birinchi marta Turkiya fuqarosi bo‘lgan sayyohlar ekipaji bilan Xalqaro kosmik stansiyaga uchirdi. Bu haqda SpaceX matbuot xizmati xabar berdi.

“Crew Dragon kecha, 18 yanvar kuni Sharqiy qirg‘oq vaqti bilan soat 16:49 da Falcon 9 raketasi yordamida NASA'ning Floridadagi Kennedi kosmik markazidan uchirildi”, deyiladi xabarda. 

Parvoz uchun har biri 50 million yevro to‘lagan sayyohlar koinotda taxminan ikki hafta qoladi.

Ekipaj to‘rt kishidan iborat – sobiq NASA astronavti Maykl Lopes-Alegria (kema qo‘mondoni), Italiya harbiy-havo kuchlari polkovnigi Valter Villadei, Shvetsiya fuqarosi Markus Vandt va Turkiya Harbiy-havo kuchlari uchuvchisi Alper Gezeravji.  Bu bilan Gezeravji Turkiya tarixidagi birinchi astronavtga aylandi.

"Orbital laboratoriyada bo‘lish davomida ekipaj inson fiziologiyasi va sanoatdagi texnologik yutuqlarga bag‘ishlangan 30 dan ortiq ilmiy tajribalar o‘tkazadi", deya ta’kidladi SpaceX.

Kosmik kemaning Xalqaro kosmik stansiya bilan tutashuvi 20 yanvarga rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun, bu Xalqaro kosmik stansiyaga faqat xususiy kosmik kompaniyalar tomonidan amalga oshirilgan uchinchi boshqariladigan ekspeditsiyadir. SpaceX 2021 yil sentyabrida bortida professional bo‘lmagan astronavtlar ishtirokidagi birinchi kosmik kemasini uchirgan. O‘sha paytda bortda to‘rt kishi bo‘lgan: ular Crew Dragon kemasida Yer orbitasiga chiqqan va u yerda uch kun ilmiy tadqiqotlar olib borgan.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya SpaceX Alper Gezeravji

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing