Turkiyaga ketayotgan o‘zbekistonliklar uchun muhim tavsiyalar berildi

Jamiyat

image

Turkiyada bo‘lib turgan yoki u yerga ketayotgan O‘zbekiston fuqarolariga koronavirusga chalinish ehtimolini inobatga olib, tibbiy sug‘urta polisini sotib olish tavsiya etildi. bu haqda O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi ogohlantirish bilan chiqdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning sentyabr oyida “Toshkent-Istanbul-Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha muntazam reyslar tiklangandan so‘ng, fuqarolarning turli xil maqsadlarda (biznes, davolanish, o‘qish, turizm va h.k.) Turkiyaga kelishi sezilarli darajada oshgan.

O‘zbekistonga qaytayotganda esa 72 soatdan ko‘p bo‘lmagan muddatda topshirilgan PZR-test tahlili talab etiladi va ba’zi fuqarolarda ushbu testlarning natijasi ijobiy chiqayotgani aniqlanmoqda.

Turkiyadagi tegishli vazirlik va tashkilotlarning bayonotiga muvofiq “COVID-19” sug‘urtasiga ega chet el fuqarolari kasallanib qolganda davlat tashkilotlarida bepul davolanishlari mumkin. Shuningdek, kasallikni yengil o‘tkazayotgan turistlarning 10-14 kunlik karantin muddatini mehmonxona maxsus xonasida o‘tkazishlari va buning uchun ketgan xarajatlar ham sug‘urta hisobidan qoplanishi belgilangan.

Shu bilan birga, koronavirus tashuvchilari bilan bevosita muloqotda bo‘lgan fuqarolarimizning ham mehmonxonalarda majburiy karantinda qolishlari majburiy bo‘lgan holatlar kuzatilmoqda. Ammo bu vaziyatda fuqaro bevosita “COVID -19” bilan kasallanmagani sababli sug‘urta polislari mehmonxonada qolish xarajatlarini qoplashni nazarda tutmagan.

Shu munosabat bilan Turkiyaga turli maqsadlarda kelishni rejalashtirayotgan fuqarolarga quyidagilar tavsiya qilindi:

•    “COVID -19” bilan ehtimoliy kasallanish xavfini inobatga olib, tibbiy sug‘urta polisini sotib olish;

•    sug‘urta shartnomasiga “PZR testining natijasi salbiy bo‘lishiga qaramay, sug‘urtalanuvchi “COVID -19” tashuvchisi bilan muloqotda bo‘lganlik sababli majburiy karantinda qolishiga to‘g‘ri kelsa, tegishli xarajatlarni qoplash” to‘g‘risidagi bandni kiritish;

•    sug‘urta agentligidan koronavirus infeksiyasini yuqtirish holatida amalga oshiriladigan zarur harakatlar algoritmini bilib olish.

Bundan tashqari, “COVID -19” bilan kasallanishning oldini olish maqsadida, shuningdek, huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan karantin choralari kuchaytirilgani munosabati bilan virusga qarshi gigiyena qoidalari va ijtimoiy masofaga qat’iy amal qilish so‘ralgan.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston-Turkiya

Baholaganlar

123

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing