Turkiyaga borayotgan o‘zbekistonliklar ogohlantirildi

Jamiyat

image

Turkiyadagi va Turkiyaga borayotgan o‘zbekistonliklar yolg‘on ish takliflariga ishonmaslikka chaqirilmoqda. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi ogohlantirish bilan chiqdi.

Qayd etilishicha, so‘nggi paytlarda ayrim firibgar shaxslar O‘zbekiston fuqarolariga Turkiyada yuqori maoshli ish taklif qilib (asosan fuqarolarning tanish-bilishlari orqali), ularni aldash holatlari ko‘paymoqda. Ushbu shaxslar ishga joylashish, uy-joy va qonuniy hujjatlarni rasmiylashtirish bo‘yicha yolg‘on va’dalar berib, o‘zbekistonliklarni og‘ir ahvolga solmoqda.

Noqonuniy mehnat faoliyatini boshlaganlar yoki firibgarlar tomonidan aldanganlar quyidagi muammolarga duch kelishi mumkin:

  • Ish haqi va’da qilinganidan ancha kam to‘lanishi yoki umuman berilmasligi;
  • Ish sharoitlari og‘ir yoki yomon bo‘lishi;
  • Ish beruvchi tomonidan noqonuniy ekspluatatsiya va haqorat;
  • Turkiyada noqonuniy mehnat qilish oqibatida deportatsiya va jarimalar;
  • Turkiyaga borgandan so‘ng aeroportda kutib olish va’da qilinib, pul o‘zlashtirilgandan keyin vositachining g‘oyib bo‘lishi.

Yuqoridagi holatlarda o‘zbekistonliklar va ish taklif qilgan shaxslar o‘rtasida hech qanday rasmiy hujjat mavjud bo‘lmaganligi sababli firibgarlarni javobgarlikka tortish juda qiyin bo‘ladi. Turkiyada ishlash uchun chet ellik fuqarolar maxsus ruxsatnoma – ish ruxsatnomasiga (Çalışma İzni) ega bo‘lishlari shart.

Shuningdek, ish izlash uchun faqatgina O‘zbekiston Respublikasi Migratsiya agentligi (www.migration.uz) (http://www.migration.uz/) yoki litsenziyaga ega rasmiy agentliklarga murojaat qilish, Turkiyaga noqonuniy yo‘llar bilan bormaslik va ishonchsiz shaxslarga pul bermaslik, ish sharoitlari, ruxsatnomalar va maosh bo‘yicha rasmiy hujjat talab qilish so‘raladi.

“O‘zingiz va yaqinlaringizni firibgarlardan ehtiyot qiling! Ishga faqat rasmiy yo‘llar bilan joylashing!”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi aviaqatnovlar davomida fuqarolar aeroportda boshqa odamlarning yuklarini olmaslikka chaqirilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya o'zbekistonliklar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing