Kurs UZS

USD

12 913.19

4

EUR

13 908.80

-26.67

RUB

154.17

0.87

Turkiyadagi yana bir mehmonxona o‘t ichida qoldi. Qurbonlar bor (video)

Olam

image

Bugun, 27 mart tongida Turkiyaning Bursa shahridagi Uludag‘ mintaqasida joylashgan va bir muddat yopilgan “Karvonsaroy” mehmonxonasida yong‘in sodir bo‘ldi. Yong‘in oqibatida 3 kishi halok bo‘ldi, mehmonxonaning uch xodimi tutundan nafas olish oqibatida hushsiz holda shifoxonaga olib ketildi. Bu haqda “Karar” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, yong‘in soat 06:00 lar atrofida mehmonxonaning bufet bo‘limida boshlangan. Olov tezda butun tuzilmaga tarqalgach, voqea joyiga ko‘plab o‘t o‘chirish brigadalari jo‘natilgan. Ekipajlar ikki soatga yaqin yong‘in bilan kurashgan va alangani nazorat ostiga olishga muvaffaq bo‘lgan.

Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, voqea vaqtida mehmonxonada bo‘lgan 12 nafar xodimdan 9 nafari binoni tark etishga muvaffaq bo‘lgan. Biroq zich tutun tufayli ichkarida qolib ketgan uch nafar xodim o‘t o‘chiruvchilar tomonidan qutqarib olingan.

Jumhuriyat xalq partiyasidan deputat Orxan Saribal yong‘in bilan bog‘liq bayonotida Bursa shahar hokimiyatining tekshiruvlaridan so‘ng, bu mehmonxonaning turizm faoliyat sertifikati ilgari bekor qilinganini ma’lum qilgan.

“Afsuski, o‘t o‘chiruvchilarimiz tezda javob bergan yong‘inda fuqarolarimizni yo‘qotdik. Yong‘inda halok bo‘lganlarga rahm-shafqat, oilasiga sabr, jarohatlanganlarga esa tezroq shifo tilayman. Bu voqea Uludag‘da hokimiyatning chalkashligi va nazoratsizlikning qanchalik xavfli ekanini yana bir bor ochib berdi”, degan u o‘z bayonotida.

Xabarga ko‘ra, yong‘in sabablarini aniqlash bo‘yicha surishtiruv ishlari boshlab yuborilgan va voqea joyi o‘rab olingan.

“Bursa Uludag‘dagi yopiq “Karvonsaroy” mehmonxonamizning orqasidagi ochiq ayvonda kechasi noma’lum sabablarga ko‘ra yong‘in kelib chiqdi va mehmonxonamizga tarqaldi. O‘t o‘chirish bo‘limi tomonidan tezda nazoratga olindi”, deyiladi mehmonxona xabarida.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 21 yanvarga o‘tar kechasi Bolu viloyatidagi Kartalkaya tog‘-chang‘i kurortidagi mehmonxonada kuchli yong‘in sodir bo‘lgandi. Bino tog‘da joylashgani o‘t o‘chiruvchilarning ishini qiyinlashtirgan. Ta’kidlanishicha, u yerda signal ishlamagan, shuning uchun mehmonlar yong‘in haqida oxirigacha bilmagan, keyin esa tashqariga chiqa olmay qolgan. Yong‘inda 79 kishi halok bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

yong'in Turkiya Bursa Qurbon “Karvonsaroy” mehmonxonasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing