Turkiyadagi o‘zbekistonliklar ogohlantirildi

Jamiyat

image

So‘nggi paytlarda Turkiyada yashash (ikamet izni) va mehnat qilish ruxsatnomalarini (çalı izni) rasmiylashtirish, mamlakatga kirish taqiqini bekor qilish hamda jarimalarni to‘lash bilan bog‘liq firibgarlik holatlari keskin ortmoqda. O‘zbekistonning Istanbul shahridagi bosh konsulxonasi mazkur masalada ogohlantirish bilan chiqdi.

Qayd etilishicha, ko‘p hollarda konsalting firmalari (danışmanlık şirketleri ) yuqoridagi masalalarni hal qilishga va’da berib, o‘zbekistonliklarning katta miqdordagi pullarini aldov yo‘li bilan o‘zlashtirmoqda. Jabrlanuvchilar ushbu shaxslar bilan yozma shartnoma yoki hujjatlashtirilgan kelishuvlar tuzmagani bois qonuniy tartibda o‘z mablag‘larini qaytarib ololmayapti.

“Eng xavotirli jihatlardan biri ayrim firibgarlarning ilgari Turkiyadan deportatsiya qilingan va kirish taqiqi qo‘yilgan O‘zbekiston fuqarolarini boshqa davlatning qalbaki pasportlari orqali mamlakatga olib kirishga urinish holatlaridir. Bu esa o‘z o‘rnida yurtdoshlarimizni murakkab va jinoiy javobgarlikka olib keladigan vaziyatlarga solmoqda”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, ayrim shaxslar “GÖÇ idorasidagi (Migratsiya xizmati) jarimangizni o‘rningizga to‘lab beramiz” degan va’dalar bilan pullarni o‘zlashtirish holatlari ham aniqlanmoqda. Ular jabrlanuvchilarni “o‘zingiz borsangiz ushlanib qolasiz” degan yolg‘onlar bilan qo‘rqitib, ularning mablag‘larini o‘zlashtirmoqda.

Shunday qilib, bosh konsulxona migrantlarni noqonuniy va ishonchsiz vositachilardan ogoh bo‘lishga va har qanday huquqiy masalalarda faqat rasmiy idoralarga murojaat qilishga chaqiradi. Qonunni buzgan holda Turkiyaga kirishga urinish yoki noqonuniy vositachilarga murojaat qilish og‘ir huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston fuqarosi Turkiyaning Istanbul metropolitenida turk fuqarosi bo‘lgan ayolni ruxsatsiz suratga olgani sababli bosh konsulxona ogohlantirish bilan chiqqan edi. Turkiya qonunlariga ko‘ra, boshqa shaxsni, ayniqsa ayollarni, ularning roziligisiz suratga olish yoki videoga tushirish qat’iyan man etiladi va bu jinoiy javobgarlikka olib kelishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya mehnat qilish ruxsatnomasi Migratsiya xizmati

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing