Turkiyadagi terakt qurbonlari yana ortdi

Olam

image

Turkiyaning Anqara shahridagi harbiy samolyotlar va kosmik texnika ishlab chiqaruvchi “TUSAŞ” korporatsiyasi binosi yaqinida sodir bo‘lgan terakt qurbonlari soni 5 kishiga yetdi. Bu haqda mamlakatning Ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoyaga tayanib, “Haberturk” xabar berdi.

“Terrorchilik hujumi oqibatida halok bo‘lganlar soni besh nafarga yetdi, jami jarohatlanganlar soni 22 kishini tashkil etdi, ulardan uch nafari shifoxonadan chiqarildi”, degan vazir efirda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hujumga mamlakatda faoliyati taqiqlangan Kurdiston ishchilar partiyasi terror tashkiloti aloqador bo‘lishi mumkin.

Ichki ishlar vazirligi rahbarining aytishicha, terrorchilarning shaxsi va ularning har qanday tashkilotga aloqadorligi haqidagi ma’lumotlar shaxsni aniqlash ishlari yakunlanganidan keyin ommaga e’lon qilinadi.

Ma’lumot uchun, Turkish Aerospace kompaniyasi 1973 yilda tashkil etilgan, Turkiyaning aerokosmik sohasida juda muhim sanaladi. Kompaniya tomonidan samolyot, vertolyot, dronlar hamda tijoriy foydalanish va harbiy ehtiyojlar uchun kosmik sun’iy yo‘ldosh vositalari ishlab chiqiladi.

2023 yilda “Turkish Aerospace Industries Inc” dunyodagi eng yirik 100 ta mudofaa kompaniyalari ro‘yxatiga kirgan. Korxonaning yillik daromadi 1,5 milliard dollarga teng. Kompaniyada 15 mingdan ziyod xodim, shu jumladan 7 mingga yaqin muhandis, 6,5 mingdan ortiq texnik va boshqa ishchilar mehnat qiladi.

Kompaniya shtab-kvartirasi Anqaradan 40 kilometr shimoldagi Qahramonkazan tumanida joylashgan.

Hodisa ro‘y bergan vaqtda Turkiya Mudofaa sanoati boshqarmasi boshlig‘i Xaluk Gyorgyun, “TUSAŞ” Bosh direktori Mehmet Demiro‘g‘li va boshqa rasmiy shaxslar Istanbuldagi harbiy ko‘rgazmada ishtirok etayotgandi. Hujum haqida xabar berilgach, delegatsiya Anqaraga yo‘l olgan.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya terakt qurbonlar Ali Erliqoya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing