Turkiyadagi kuchli o‘rmon yong‘inlari 2 kundan beri o‘chirilmadi (video)
Olam
−
17 avgust
3739Turkiyaning Izmir shahri yaqinida minglab favqulodda vaziyatlar xodimlari ikki kundan beri turar-joy hududlariga tarqalib ketgan o‘rmon yong‘inlarini o‘chirishga harakat qilmoqda. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.
“Ertalab tong otishi bilanoq havodan yong‘inni o‘chirish harakatlari davom ettirildi, yerdagi guruhlar qiyin sharoitlarga qaramay, yong‘in bilan kurashishda davom etdi”, deyilgan agentlik xabarida.
Turkiya Ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoyaning so‘zlariga ko‘ra, mahalliy hukumat jabrlangan hududlardan 900 ga yaqin odamni evakuatsiya qilgan. Izmir viloyatidagi yong‘inlarni o‘chirishga jami 2965 kishi va 600 ga yaqin texnika jalb qilingan. Yong‘in allaqachon 16 ta uyni vayron qilgan, 87 ta uy va 45 korxonadagi odamlarni evakuatsiya qilishga majbur qilgan. O‘rmon yong‘inlari oqibatida 78 kishi tan jarohati oldi, ulardan 29 nafari shifoxonaga yotqizilgan.
Bo‘zdo‘g‘on tumanida o‘rmon yong‘inlari davom etmoqda. Bo‘zdo‘g‘ondagi yong‘inni o‘chirishda 300 dan ortiq xodim 32 ta o‘t o‘chirish mashinasi, 11 ta suv tankeri va 5 ta buldozerdan foydalangan holda faol ishtirok etmoqda. Shuningdek, shimoli-g‘arbiy Bolu viloyatida sodir bo‘lgan o‘rmon yong‘inini o‘chirish uchun o‘t o‘chirish ishlari 45 soat davom etgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyun oyida Turkiyaning Diyorbakir va Mardin shaharlari oralig‘ida keng ko‘lamli o‘rmon yong‘inlari sodir bo‘lishi ortidan 11 kishi hayotdan ko‘z yumgandi.
LiveBarchasi