Turkiyada yong‘in oqibatida halok bo‘lganlar soni 66 kishiga yetdi (video)

Olam

image

Turkiyaning Kartalkaya tog‘-chang‘i kurortidagi mehmonxonada sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida halok bo‘lganlar soni 66 kishiga yetdi, 51 kishi jarohatlandi. Bu haqda mamlakat Ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoyaga tayanib, “Haber Global” xabar berdi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, yong‘in paytida mehmonxonada 238 nafar ro‘yxatdan o‘tgan mehmon bo‘lgan. Yong‘in joriy yil 21 yanvarga o‘tar kechasi Bolu viloyatidagi Kartalkaya tog‘-chang‘i kurortida joylashgan 12 qavatli yog‘ochdan qurilgan mehmonxonada boshlangan va tezda butun binoni qamrab olgan.

CNN Turk ma’lumotiga ko‘ra, yong‘in mehmonxona kompleksining restoran qismida boshlangan. Qutqaruvchilar dam oluvchilarni evakuatsiya qilgan va ular kurortdagi to‘rtta mehmonxonaga joylashtirilgan.

“Hamma derazadan sakrayotgan edi – yoshi kattalar ham, yoshlar ham. Bir otaning quchog‘idagi bola halok bo‘ldi. Juda ko‘p mas’uliyatsizliklar bo‘lgan. Yong‘in zinapoyasi bor, lekin u mehmonxonaning ichida, juda mantiqsiz qurilgan. Mehmonxona butunlay yog‘ochdan yasalgan. Kichik bir uchqundan alanga yoyilib ketdi. Yong‘in restorandan boshlandi. Mehmonxonaning o‘ziga tegishli yong‘in o‘chirish mashinasi va tez yordam mashinasining yo‘qligi mutlaqo boshqa masala. Qanday katta qamrovli mehmonxona edi. Mehmonxona yuz foiz to‘lgandi”, deydi ushbu mehmonxona xodimlaridan biri. 

Tog‘-chang‘i kurorti dengiz sathidan 2,2 ming metr balandlikda, Kerog‘lu tog‘ tizmasida joylashgan bo‘lib, Turkiyadagi muhim dam olish maskanlaridan biri hisoblanadi. Yong‘in sodir bo‘lgan kuni mehmonxona talaba va o‘quvchilarning ta’tili sababli 80-90 foiz to‘lgan bo‘lgan.

Hodisa yuzasidan tergov boshlangan va 4 kishi, jumladan, mehmonxona egasi ham qo‘lga olingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq hodisa oqibatida 6 kishining halok bo‘lgani va 32 kishining jarohatlangani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

yong'in Turkiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing