Turkiyada yana mehmonxona yondi (video)

Olam

image

Turkiyaning Antalya viloyatidagi Alaniya shahrida qurilish bo‘layotgan mehmonxona binosida yong‘in chiqdi. Alanga boshlanganidan ikki soat o‘tib to‘liq o‘chirilgan. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.

Hudud gubernatori Fotih Urkmezerning bildirishicha, hodisa joyida bo‘lgan barcha ishchilar xavfsiz tarzda qutqarilgan. Yong‘in 12 qavatli, ikki blokdan iborat binoda yuzaga kelgan. Bungacha mazkur bino mehmonxona va rezidensiya sifatida ishlatilgan, ammo ayni vaqtda rekonstruksiya qilinayotgan bo‘lgan.

“Halok bo‘lganlar yo‘q, 4 kishi qutqarildi. Uch kishi tutun sababli zarar ko‘rgan. Ularning ahvoli qoniqarli deb baholanmoqda. Atrofdagi binolarga xavf tug‘ilmadi. U yerdagi odamlarni evakuatsiya qilishga zarurat bo‘lmadi”, dedi gubernator.

Ma’lum bo‘lishicha, birinchi bo‘lib mahalliy aholi yordamga kelib, yong‘inni o‘chirishga uringan. Voqea joyiga yong‘in o‘chirish bo‘linmalari tezkorlik bilan yetib borgan va ikki soat ichida yong‘inni qurshab olib, to‘liq o‘chirgan. Yuqori qavatlarda qolgan odamlarni qutqarish uchun ko‘tarma kran ishlatilgan. Yong‘in sabablari aniqlanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 21 yanvarga o‘tar kechasi Bolu viloyatidagi Kartalkaya tog‘-chang‘i kurortidagi mehmonxonada kuchli yong‘in sodir bo‘lgandi. Bino tog‘da joylashgani o‘t o‘chiruvchilarning ishini qiyinlashtirgan. Ta’kidlanishicha, u yerda signal ishlamagan, shuning uchun mehmonlar yong‘in haqida oxirigacha bilmagan, keyin esa tashqariga chiqa olmay qolgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar soni 79 kishiga yetgan.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya mehmonxona

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing