Turkiyada o‘zbekistonlik ayolning chaqalog‘iga kundoshi kislota sepib yubordi
3-sahifa
−
19 aprel 2023
14504Kecha, 18 aprel kuni Turkiyadagi Denizli shahrida turk ayoli kundoshi o‘zbekistonlik ayolning 2 oylik chaqalog‘iga kislota sepib yubordi. Bu haqda NTV xabar berdi.
Aytilishicha, shaharning Pamukkale tumanida K.Y. turmush o‘rtog‘i G.Y.ning o‘zbekistonlik ma’shuqasi S.G.dan o‘ch olish maqsadida ularning uyiga bostirib kirgan. Rashk o‘tida yongan ayol kundoshining qo‘lidagi 2 oylik chaqalog‘i ustiga o‘zi bilan olib kelgan kislotani sepib yuborgan. Oqibatda go‘dak tanasining katta qismi hamda onasining qo‘llari kuyib ketgan. Qo‘shnilarning xabar berishi bilan tez yordam va politsiya voqea joyiga yetib kelgan.
Yaralangan bola onasi hamrohligida Pamukkale universiteti kasalxonasiga olib ketilgan. Yangi tug‘ilgan chaqaloqlar intensiv terapiya bo‘limida yotgan bolaning ahvoli og‘ir ekani ma’lum qilindi.
Politsiya voqeadan keyin qochib ketgan K.Y.ni Fotih tumanidagi uyida ushlab, hibsga olgan. U o‘ziga qarshi fitna borligini iddao qilib, o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etgan. Politsiyaga ko‘rsatgan qarshiliklari tufayli gumonlanuvchi sud binosiga olib ketilgan.
K.Y. uni sud binosiga kiraverishda kutib turgan jurnalistlarga bolaning ustiga hech qanday modda sepmaganini va unga qarshi yolg‘on ayblov qo‘yilayotganini aytgan.
Hodisa yuzasidan tergov ishlari davom etmoqda.
Mahalliy OAVga ko‘ra, turkiyalik juftlik ikki nafar farzandning ota-onasi hisoblanadi.