Turkiyada o‘rmon yong‘inlari ortidan qariyb 40 kishi hibsga olindi

Olam

image

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an joriy yilgi yoz mavsumidagi o‘rmon yong‘inlariga aloqadorlikda gumonlanib qariyb 40 kishi hibsga olinganini ma’lum qildi. Bu haqda u kecha, 28 iyul kuni Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishi so‘nggida xalqqa qilgan murojaatida so‘z ochdi.

Erdo‘g‘anning aytishicha, joriy yilda mamlakatda sodir bo‘lgan o‘rmon yong‘inlarining 96 foizi inson omiliga bog‘liq bo‘lgan. U sabablardan biri sifatida ehtiyotsizlik bilan tashlangan sigaret qoldiqlari, to‘liq o‘chirilmagan olovlar va hatto linza vazifasini bajargan shisha parchalari kabi omillarni keltirgan.

Joriy yil 1 iyundan beri jami 149 kishi ushlangan, ulardan 38 nafari hibsga olingan, 61 kishi esa sud nazoratida qolmoqda. Hibsga olinganlardan biri aholi soni bo‘yicha mamlakatda to‘rtinchi o‘rinda turuvchi Bursa shahri yaqinidagi yong‘inga aloqadorlikda gumon qilinmoqda.

Shuningdek, Erdo‘g‘an Turkiya o‘rmon yong‘inlariga qarshi faol kurash olib borayotganini ta’kidlagan. Unga ko‘ra, 2020-2024 yillar oralig‘ida Turkiya Ispaniya, Italiya, Gretsiya, Portugaliya, AQSH va Kanadaga qaraganda kamroq o‘rmon yo‘qotgan. Shuningdek, Turkiya barcha O‘rtayer dengizi davlatlari orasida maxsus yong‘in samolyotlari soni bo‘yicha yetakchi hisoblanadi.

Mamlakat bo‘ylab kecha-yu-kunduz ishlayotgan 27 ta yong‘in samolyoti, 105 ta vertolyot, 6000 ga yaqin yer usti texnikasi va 25 ming atrofida professional o‘t o‘chiruvchi safarbar qilingan. Iyunning oxiridan buyon Turkiyada o‘rmon yong‘inlari oqibatida halok bo‘lganlar soni 17 nafarga yetgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyaning bir qancha viloyatlarida aholi turar joylari, qishloq xo‘jaligi yerlari va o‘rmonlarni qamrab olgan yong‘inlar avj olayotgani xabar qilingan edi. Shuningdek, Turkiyadagi Sakarya viloyatining Akyazi tumanida erkak eskirgan matrasini yoqmoqchi bo‘lib, o‘rmonni yoqib yuborgani ma’lum bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Rajab Toyib Erdo'g'an o'rmon yong'inlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing