Turkiyada xaos. O‘qituvchi o‘z o‘quvchisi tomonidan o‘ldirildi

Olam

image

Joriy yilning 2 mart kuni butun Turkiyani larzaga solgan voqea sodir bo‘ldi. Istanbul shahridagi Borsa kasb-hunar va texnika Anadolu litseyida o‘qituvchi Fotima Nur Chelik o‘z o‘quvchisi tomonidan pichoqlanib, o‘ldirildi. Bu haqda mahalliy nashrlar xabar berdi.

Qayd etilishicha, 17 yoshli o‘quvchi F.S.B. o‘qituvchilar – 44 yoshli Fotima Nur Chelik, 52 yoshli Z.A. va 15 yoshli o‘quvchi S.K.ga pichoq bilan hujum qilgan. Politsiya va tez tibbiy yordam xodimlari hodisa haqida xabar yetkazilishi bilanoq voqea joyiga yetib borgan. Jarohat olgan uch kishi esa dastlabki tibbiy yordam ko‘rsatilib, shifoxonaga olib ketilgan. Og‘ir jarohat olgan biologiya fani o‘qituvchisi Fotima Nur shifoxonada hayotdan ko‘z yumgan. Yaralangan boshqa o‘qituvchi va o‘quvchining shifoxonada davolanishda davom etmoqda.

Ushbu voqeadan so‘ng litseyda darslarga bir kunlik tanaffus berilgan va maktabda xavfsizlik choralari yanada kuchaytirilgan.

Hodisa qanday sodir bo‘lgan?

Ma’lumotlarga ko‘ra, 17 yoshli F.S.B. hodisadan ikki kun oldin otasi tomonidan Bakirko‘y Mazhar Usmon ruhiy hastaliklar shifoxonasidan chiqarilgan bo‘lgan. Shifoxonadan chiqqach, u maktab dars jadvalini tekshirgan. O‘quvchi Fotima Nurning qaysi vaqtda qaysi sinfda bo‘lishini aniqlab, hatto reja ham tuzgan. Ertasi kuni ertalab maktabga borib, bevosita o‘qituvchining sinfiga bostirib kirgan.  

Joriy yilning 2 mart kuni mahalliy vaqt bilan soat 11:00 atrofida sinfga kirgan F.S.B. birinchi bo‘lib o‘qituvchi Fotima Nurga, so‘ng uni to‘xtatishga harakat qilgan 15 yoshli o‘quvchi S.K. ga ham pichoq bilan hujum qilgan. Pichoqbozlikni to‘xtatishga uringan boshqa bir o‘qituvchi Z.A. ham yelkasidan jarohat olgan.

E’tiborli jihati shundaki, gumonlanuvchi 2025 yilda maktabda boshqa janjalga aralashgan, vafot etgan o‘qituvchi Fotima Nur esa Intizom qo‘mitasining yig‘ilishda ushbu o‘quvchi haqida so‘z ochib, “hayotimiz xavf ostida”, deya ogohlantirgan.

Sinfda bo‘lgan o‘quvchilardan biri voqea haqida aytib berar ekan, sarosimadan qo‘rquvga tushib qolganini bildirgan.

“U juda yaxshi o‘qituvchi edi, odatda hamma bir-biri bilan yaxshi munosabatda bo‘lar edi. Voqea ko‘z oldimda ro‘y berdi, men ham o‘sha sinfdanman. O‘sha daqiqada sarosimada deyarli hech narsa qila olmadik, hech kim hech narsa qila olmadi. Qo‘rquvdan nima qilishni bilmadik. O‘qituvchi koridor tomon chiqarilganida yonida turdik. So‘ng bizni yana sinfga olib kirishdi”, degan guvoh.

Sinf rahbarining so‘zlariga ko‘ra, gumondor o‘quvchini direktor o‘rinbosari to‘xtatib qolgan.

“U bir zumda qo‘lida pichoq bilan Fotima Nurning sinfiga kirib, afsuski uni o‘ldirgan. Shundan so‘ng boshqa sinflardagi o‘qituvchilar va o‘quvchilarga hujum qilmoqchi bo‘lganida direktor o‘rinbosari uni to‘xtatib qolgan. Fotima juda yaxshi inson edi, hech kimga yomonlik qiladigan odam emas edi. U o‘sha o‘quvchi yuzasidan Intizom qo‘mitasiga bir hujat taqdim qilgandi. O‘quvchi esa tashqarida giyohvand modda qabul qilib, suiqasdni amalga oshirgan”, deydi sinf rahbari.

Gumondorning tergovdagi ko‘rsatmasi

Gumondor F.S.B. o‘z ko‘rsatmasida ikki kun avval sevgilisi bilan ayrilganini, shu sababli maktabga psixolog murabbiy bilan ko‘rishishga kelganini aytgan.

“Voqeadan ikki kun oldin sevgilimdan ajrashgandim. Shu sabab maktabga psixolog Shayda ustoz bilan gaplashish uchun bordim. Uni qidirdim, lekin topa olmadim. Tasodifan bir sinfga kirib, kimni birinchi ko‘rgan bo‘lsam, o‘shanga hujum qildim. O‘zimni nazorat qila olmayotgandim. Tasodifan pichoqladim. Yonimda doim pichoq olib yurardim. Bu faqat o‘sha kunga xos narsa emas edi”, degan u.

Mazkur voqeadan so‘ng Turkiyaning 81 viloyatida “Maktabda o‘lmoqchi emasmiz!”, “Hayot xavfsizligi yo‘q”, “Zo‘ravonlik to‘xtatilsin!”, “Maktablarda xavfsizlik choralari kuchaytirilsin” shiorlar bilan o‘qituvchilar bir kunlik ish tashlash ham o‘tkazgan. Ayrim norozilik namoyishlarida ta’lim vazirning iste’fosi kabi talablar ham ilgari surilgan.

Marhuma Fotima Nurni so‘nggi manzilga kuzatish uchun janoza namozi o‘qilib, dafn etish uchun tug‘ilgan shahri – Konyaga yetkazilgan.

Turkiya Adliya vaziri Akin Gurlek mazkur hodisaga aloqador barcha javobgar shaxslarga qonunan chora ko‘rilishini ma’lum qilgan.

“Istanbulning Chekmeko‘y tumanidagi litseyda sodir bo‘lgan hujum oqibatida o‘qituvchi Chelikning vafot etganini eshitib afsuslandim. Voqea yuzasidan Anadolu Respublika Bosh prokuraturasi darhol tergov ishlarini boshladi. Jarayon har taraflama va sinchkovlik bilan olib borilmoqda, javobgarlar jazosiz qolmaydi. Marhum o‘qituvchimizga Allohdan rahmat, oilasiga, yaqinlariga, o‘quvchilariga va milliy ta’lim jamoasiga sabr tilayman. Yaralangan o‘quvchi va o‘qituvchilarimizga Allohdan tezroq sog‘lik tilayman. Ta’lim jamoamizga va xalqimizga esa sabr va baxt tilayman”, deydi Adliya vaziri.

Voqea Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning ham e’tiboridan chetda qolmadi. U ustozlarga hurmatsizlik qabul qilib bo‘lmas holat ekanini aytdi.

“Chekmeko‘ydagi litseyda sodir bo‘lgan vahshiyona hujum oqibatida vafot etgan o‘qituvchimizga Allohdan cheksiz rahmat tilayman. Marhum o‘qituvchimizning oilasi va yaqinlariga sabr, yurtimizga buyuk fidoyilik bilan xizmat qilgan ta’lim jamoamizga esa ta’ziya izhor qilaman. Qo‘llari o‘piladigan (qo‘l o‘pish Turkiyada hurmani ifodalaydi) o‘qituvchilarimizga nisbatan sodir etilgan bu harakatning hech qanday sabab bilan oqlab bo‘lmaydi. Zo‘ravonlikni qo‘ya turaylik, hatto Hazrati Ali (r.a.) aytgan: “Menga bir harfni o‘rgatgan o‘qituvchining 40 yil quli bo‘laman”. Shunday ustozlarga hurmatsizlik qilish bizning e’tiqodimiz va madaniyatimizda qabul qilib bo‘lmas holat. Bosh prokuraturamiz va Adliya vazirligimiz ma’muriy tergovni boshladi. Bu voqea butun xalqimizni chuqur qayg‘uga soldi, va biz buni qat’iy nazorat ostiga olib, aybdorlar o‘z haqiqiy jazosini olishlari uchun barcha zarur choralarni ko‘ramiz. Shu hujumda yaralangan o‘qituvchimiz va o‘quvchimizga ham Allohdan shifo tilayman. Robbim o‘qituvchimiz Fotima Nurning joyini jannatdan qilsin”, deydi Prezident Erdo‘g‘an.

Qayd etish joiz, Turkiyadagi yoshlar, ayniqsa, o‘smir o‘quvchilar orasida iqtisodiy yetishmovchilik, kelajak xavotirlari ruhiy muammolarni keltirib chiqarmoqda. Bu esa o‘z navbatida ijtimoiy soha xodimlariga aks ta’sir etmoqda. Mazkur hodisa mamlakatda sezilayotgan moddiy va ijtimoiy taranglik, yoshlardagi beqarorlikning hosilasi deyish mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

qotillik Turkiya Fotima Nur Chelik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing