Turkiyada suriyaliklarga qarshi noroziliklar avj oldi. Hozirgacha nimalar ma’lum? (video)

Olam

image

Turkiya bo‘ylab Suriya va ushbu mamlakatdan kelgan migrantlarga nisbatan norozilik namoyishlari davom etmoqda. Norozilik kayfiyatining yuzaga kelishiga 26 yoshli suriyalik yigitning Turkiyada olti yashar qizga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qilgani sabab bo‘lgan. Mamlakatdagi norozilik harakatlarida 474 kishi hibsga olingan.
 

Tartibsizliklar joriy yilning 30 iyun kuni tunda Turkiyaning markaziy qismidagi Kayseri shahrida boshlangan. Shahar ko‘chalarida mashinalar yoqib yuborilgan. Mahalliy aholi kechqurun Suriyadan kelgan qochqinlarga tegishli do‘kon va mashinalarga o‘t qo‘ydi. 1 iyul kuni ertalab politsiya 67 kishini hibsga oldi. Kayseridagi tartibsizliklarda 14 nafar politsiyachi va bir nafar o‘t o‘chiruvchi tan jarohati oldi. G‘alayonlar tezda Turkiyaning boshqa shaharlariga ham tarqaldi. Norozilik kayfiyati Konya, Gaziantep, Hatayda ham qayd etilgan. Shu yerlik aholi vaziyatga umuman aloqasi bo‘lmagan Suriya muhojirlarini ham ushlab, ularni do‘pposlagan. 

Suriya fuqarolariga qilinayotgan munosabatga nisbatan shu kuni Suriyaning shimoli-g‘arbiy hududida Turkiyaga qarshi namoyishlar boshlandi. Suriya Inson huquqlari monitoringi markazi bergan xabarlarga ko‘ra, ularda kamida yetti kishi halok bo‘lgan, 20 dan ortiq kishi yaralangan. Tashkilotning qo‘shimcha qilishicha, namoyishlarda yuzlab odamlar ishtirok etgan, ularning bir qismi qurollangan. Ishtirokchilar Turkiya bayroqlarini yirtib tashlagan. Afrin va Jarabulus shaharlarida hatto namoyishchilar bilan turk askarlari o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lib, bu esa o‘lim holatiga olib kelgan. 

Istanbul va Antaliyada ham vaziyat shiddat bilan keskinlashgan. Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, yetti suriyalik halok bo‘lgan, deyarli besh ming kishi hibsga olingan. Suriyaning o‘zida esa turkiyalik yuk mashina haydovchilariga tez-tez hujumlar uyushtirilmoqda. Anqara shimoldagi chegarani yopgan. Turkiya ommaviy axborot vositalari nazorat-o‘tkazish punktlarida suriyalik jinoiy to‘dalarning 25 nafar a’zosi yo‘q qilinganini yozgan.

Turkiyadagi mahalliy politsiya boshlig‘i namoyishchilarga qizchani zo‘rlagan erkakka barcha qonuniy choralar qo‘llanilishi, jumladan, uni deportatsiya qilishga va’da bergan. Turkiya Ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoya esa qiz va uning oilasi Turkiya davlati himoyasiga olinganini qo‘shimcha qilgan. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, zo‘rlangan qizcha ham suriyalik oiladan bo‘lgan.

Shu bilan birga, Ichki ishlar vazirligi Kayseridagi voqealar bilan bog‘liq provokatsion ma’lumotlarni tarqatgan ijtimoiy tarmoqdagi 60 dan ortiq akkauntni aniqlab, ularni bloklagan. Akkaunt egalariga nisbatan jinoiy ish ochilgan. Vaziyat keskin tus olgan joylar internetdan uzilgan.

Prezident ma’muriyati Turkiyaga qarshi bunday harakatlar mamlakatdagi siyosiy vaziyatni izdan chiqarish uchun uyushtirilganini aytib, jamoatchilikni noto‘g‘ri ma’lumotlarga ishonmaslikka va rasmiy bayonotlarga qarab ish tutishga chaqirgan. Bundan tashqari, Erdo‘g‘an jamiyatda ksenofobiya va muhojirlarga nisbatan nafrat uyg‘otish bilan hech narsaga erishib bo‘lmasligini ta’kidlagan. Suriya muvaqqat hukumati rahbari Abdurahmon Mustafo SNN telekanali orqali Turkiyaga yetkazilgan zarar Suriyaga yetkazilgan zarar ekanligini aytgan.

“Turk bayrog‘i turk xalqi uchun qanday muqaddas bo‘lsa, biz uchun ham shunday muqaddasdir. Turkiya harbiylari Suriyada terrorchilarga qarshi shu bayroq ostida jang qildi”, deya qo‘shimcha qilgan Mustafo joylarda mamlakat bayroqlarining yirtilishiga javoban o‘z munosabatini bildirib.

Ma’lumot uchun, suriyaliklar bilan bog‘liq qurolli to‘qnashuv ilk marta 2011 yilda Turkiyaga yuz minglab ushbu mamlakat aholisi kirib kelganida yuzaga kelgan.


Maqola muallifi

Teglar

Suriya Turkiya jinsiy zo'ravonlik norozilik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing