Turkiyada saylov muddatidan avval o‘tkazilishi mumkin
Olam
−
03 yanvar 2023
6266Turkiyada 2023 yilning 18 iyuniga belgilangan prezidentlik va parlament saylovlari sanasi biroz oldinroqqa ko‘chirilishi mumkin. Bu imkoniyatni kecha, 2 yanvar kuni hukmron “Adolat va taraqqiyot” partiyasi rasmiy vakili Umar Chelik ma’lum qildi.
“Bizda bu saylovlarni 18 iyun kuni o‘tkazishga irodamiz bor. Lekin ayrim muammolar yuzaga kelishi mumkin. Bu fuqarolarimiz mamlakat bo‘ylab sayohatga chiqadigan davriga to‘g‘ri kelgani va ko‘pchilik turli joylarda bo‘lishini inobatga olib, hozir bu kun xususida muzokaralar olib boryapmiz”, deydi Chelik.
Shu bilan birga, hukmron partiya vakilining ta’kidlashicha, ovoz berish sanasining mumkin bo‘lgan kechiktirilishi muddatidan oldin saylov o‘tkazish deb baholanishi mumkin bo‘lgan qaror bo‘lmaydi.
“Aniq bir qarorga kelsak, mana shu sanada o‘tkaziladi deb albatta xabar beramiz. Ammo bu erta saylov o‘tkazish sirasiga kirmaydi, Bu shunchaki yoz oyi bo‘lgani, ko‘pchilik vatandoshlarimiz uylarini tark etib, ta’tilga ketishlari, qishloq xo‘jaligi ishlari ayni avjida bo‘lishi bilan bog‘liq”, deydi Chelik.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning avgust oyida Turkiya Adliya vazirligi rahbari Bakir Bo‘zdog‘ mamlakatda prezidentlik saylovlari 2023 yil 18 iyun kuni bo‘lib o‘tishini ma’lum qilgan edi. Turkiyada umumiy (prezident va parlament) saylovlar, mahalliy qonunlarga ko‘ra, bir kunda o‘tkaziladi. Hukmron Xalq alyansi avvalroq ularning yagona nomzodi amaldagi prezident Erdo‘g‘an bo‘lishini e’lon qilgan edi.
Muxolifat avvalroq Turkiyaning amaldagi prezidenti saylovlarda qatnasha olmasligini, chunki bu uning uchinchi muddati bo‘lishini aytgan edi. Adliya vazirligi rahbari bo‘lajak prezidentlik saylovlari Erdo‘g‘an uchun Turkiya 2018 yilda parlament boshqaruvidan prezidentlik boshqaruv shakliga o‘tganidan keyingi ikkinchi saylov bo‘lishini bir necha bor ta’kidlagan.
LiveBarchasi