Turkiyada karantin cheklovlari foyda bermadi
Olam
−
13 aprel 2020
16090Turkiyada karantin choralari kun sayin kuchaytirilishiga qaramay nega koronavirus bilan bog‘liq holat keskin ortib bormoqda? Nega bugun, 13 aprel kuni birdaniga 4 093 ta yangi holat aniqlandi? Buni o‘tgan hafta oxirida bo‘lib o‘tgan voqealar bilan bog‘lash mumkin.
Avval xabar berganimizdek, 10 aprel kuni soat 22:00 da Turkiyaning 31 viloyatida, jumladan Istanbul va Anqara kabi asosiy shaharlarda ham aholining ko‘chaga chiqishi taqiqlandi va kommendantlik soati e’lon qilinishi aytildi. Kutilmagan ushbu bayonotdan so‘ng, yarim tun bo‘lishiga qaramay, aholi o‘zini urdi. Bozorlar va do‘konlarda odamlar har qachongidan to‘lib toshdi. Non do‘konlari atrofida oxiri yo‘q navbatlar paydo bo‘ldi. Avtomobillar harakatlanishi keskin ortib ketdi.
Hatto, ba’zi joylarda odamlar o‘rtasida nizo kelib chiqib, bu yoqalashishgacha yetib bordi. Vaziyat bu ko‘rinishda davom etgach, aholiga suv va non yetkazib berish xizmatlari yopilmasligi, ular faoliyatini davom ettishi aytildi. Lekin, kech bo‘lgandi. Odamlar ro‘zg‘or g‘amida karantinni unutdi, niqoblarni taqish bilan bog‘liq talabga ham, masofa saqlash to‘g‘risidagi qoidaga ham amal qilmadi.
Ushbu holat ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘lgach, kommendantlik soati e’lon qilinishi taklifi bilan chiqqan Ichki ishlar vaziri Sulaymon Soylu iste’fo berdi. Bir necha soat davomida internetning turk segmenti bu xabarni muhokama qildi. Biroq, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Sulaymon Soyluning iste’fosini qabul qilmagani xabar qilindi.
Soat 00:00 bo‘lishi bilan Turkiyaning ko‘pgina shaharlarida odamlar ko‘chaga chiqib, avtomobillar signalini bosib, Sulaymon Soyluning o‘z vazifasida qolganini va ko‘chaga chiqish taqiqining tugaganini qutladi.
Eslatib o‘tamiz, ayni vaqtda Turkiyada koronavirusga chalinganlar 61 029 kishini tashkil etmoqda. Ulardan 1 296 nafari vafot etgan, 3 957 kishi sog‘aygan.
Madina Zarif
LiveBarchasi