Turkiyada inflyatsiya 61,1 foizga ko‘tarildi
Olam
−
04 aprel 2022 8018 2 daqiqa
Turkiyada yillik inflyatsiya 61,1 foizni tashkil etdi. Bu haqda bugun, 4 aprel kuni Turkiya Statistika instituti ma’lum qildi.
Mart oyida oylik inflyatsiya 5,4 foizni tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan yilning dekabr oyidan boshlab narxlar 22,8 foizga oshgan. Agar 2021 yil mart oyidagi ma’lumotlarni asos qilib oladigan bo‘lsak, 12 oy davomida narx o‘sishi 61,1 foizni tashkil qilgan.
Yil davomida transport xizmatlari (99%), oziq-ovqat va alkogolsiz ichimliklar (70,3%), mebel va uy jihozlari (69%) eng ko‘p qimmatlashgani sezilgan.
Fevral oyi boshida Turkiya Statistika instituti 2022 yil yanvar oyida mamlakatdagi yillik inflyatsiya darajasi 48,69 foizni tashkil qilgani haqida xabar bergan edi. Bu ko‘rsatkich o‘sha paytda 2002 yildan beri rekord ko‘rsatkich edi.
Ma’lumot o‘rnida, Turkiyada inflyatsiya o‘tgan yilning dekabr oyida 13,58 foizga oshib, 2021 yilda turk lirasi kursidagi tebranishlar fonida 36,08 foizga yetdi.
O‘tgan yil oxirlarida Turkiya moliya tizimi milliy valyutaning qadrsizlanishi tufayli qiyin kunlarni boshdan kechirdi. Markaziy bank hisob stavkasini ketma-ket bir necha marta pasaytirganidan so‘ng, u keskin tezlashdi: 20 dekabrda dollar kursi rekord darajadagi 18,4 liraga yetdi.
Erdo‘g‘an 2019 yil iyulidan buyon Markaziy bank rahbarini uch marta, 2021 yil noyabridan esa Moliya vazirini ikki marta almashtirgan. Muxolifat yetakchilari Erdo‘g‘anni iqtisodiy qobiliyatsizlikda ayblab, muddatidan oldin saylov o‘tkazishga chaqirdi. Turkiya rahbari bu taklifni rad etib, Turkiyada prezidentlik va parlament saylovi rejalashtirilganidek 2023 yil iyun oyida bo‘lib o‘tishini aytdi.
Live
Barchasi