Turkiyada fuqarolarning pullarini “uxlatgan” o‘zbekistonlik qidirilmoqda
3-sahifa
−
17 aprel
13396Fuqarolarning ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini g‘ayriqonuniy yo‘llar bilan o‘zlashtirishda ayblanib, bugungi kunda Turkiya hududida jinoiy javobgarlikdan yashirinib yurgan o‘zbekistonlik shaxs qidiruvga berildi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, ushbu shaxs Fazliddin Faxriddinovich Atabayev bo‘lib, 1986 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan.
“Ushbu shaxs to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘lgan vatandoshlarimizdan Bosh konsulxonaga yoki O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga xabar berish so‘raladi. Shu bilan birga, fuqarolarimizdan firibgarlarga aldanib qolishdan ogoh bo‘lishlarini so‘raymiz”, deyiladi xabarda.
Bosh konsulxonaga ko‘ra, jinoiy javobgarlikdan qochib xorijiy davlatlarda, shu jumladan Turkiyada yashirinib yurgan har bir shaxsga nisbatan jinoiy ta’qib izchil ravishda davom ettiriladi va jinoyat uchun javobgarlik prinsipi qat’iy ta’minlanadi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq firibgarlik jinoyati uchun Interpol (Xalqaro qidiruv tashkiloti) tomonidan Qizil ogohlantirish bilan qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi Istanbul politsiyasi tomonidan qo‘lga olingandi.
LiveBarchasi