Turkiyada eri bo‘g‘zidan pichoqlab o‘ldirgan ayol samarqandlik ekani aytildi
3-sahifa
−
20 avgust 28894 2 daqiqa
Avvalroq, joriy yilning 17 avgust kuni Turkiyaning o‘zbekistonliklar eng ko‘p istiqomat qiladigan megapolisi Istanbulning Umraniye tumanida o‘zbekistonlik 33 yashar Nigina Sattorova turmush o‘rtog‘i Umid Sattorov tomonidan bo‘g‘zidan pichoqlab o‘ldirilgani haqida xabar bergan edik. Mazkur holat bo‘yicha O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulligi rasmiy bayonot e’lon qildi.
Bosh konsullik tomonidan berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, marhuma O‘zbekistonning Samarqand viloyatidan bo‘lgan va Istanbulda vaqtinchalik mehnat faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan. U 35 yashar turmush o‘rtog‘i Umid Sattorov bilan rashk sabab kelib chiqqan janjal oqibatida pichoqlab o‘ldirilgan.
Istanbul politsiyasi tomonidan olib borilgan qidiruv ishlari davomida gumondor 18 avgust kuni ertalab Umraniye hududida qo‘lga olingan. Shuningdek, jinoyatchini yashirishga yordamlashganlikda gumon qilinayotgan, asli Jizzax viloyatidan bo‘lgan B.O. ham politsiya tomonidan ushlangan.
Surishtiruv ishlari yakuniga yetgach, kecha, 19 avgust kuni gumonlanuvchilarga nisbatan sud tomonidan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda hodisa yuzasidan tergov ishlari davom etmoqda.
Marhumaning jasadini O‘zbekistonga yuborish bo‘yicha zarur hujjatlar rasmiylashtirilgan hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi tomonidan yordam ko‘rsatilmoqda.
Live
Barchasi