Turkiyada bolalar uyidan qochgan o‘smir O‘zbekistonga qaytarildi

Jamiyat

image

Turkiyada bolalar uyidan qochgan 15 yoshli o‘zbekistonlik bola buvisi hamrohligida O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Bosh konsulxonaga 66 yoshli Ya.X. nevarasi 2009 yilda tug‘ilgan Ya.A.ni Turkiyaning Tekirdag‘ viloyatidagi bolalar uyidan O‘zbekistonga olib ketish yuzasidan yordam so‘rab murojaat qilgan.

Fuqaro Ya.X. 2022 yildan buyon turli ma’muriy-huquqiy to‘siqlar sababli nabirasini O‘zbekistonga olib keta olmay, og‘ir sharoitga tushib qolgan.  

Ma’lum bo‘lishicha, 2024 yilning sentyabr oyida Turkiya sudi tomonidan X.Ya. nabirasini qaramog‘iga olish hamda O‘zbekistonga olib ketish huquqini beruvchi qaror chiqarilgan. Biroq, qaror kuchga kirgunga qadar A.Ya. bolalar uyidan qochgani sababli unga nisbatan qidiruv e’lon qilinib, bolalar uyi ma’muriyatining taqdimnomasiga ko‘ra Adliya organi tomonidan buvisi Ya.X.ga nisbatan “nabirasini qochishini tashkillashtirgani” yuzasidan ayb e’lon qilingan.

Bosh konsulxona, Tashqi migratsiya agentligi vakillari, “Ayollar huquqlarini himoya qilish jamiyati” hamkorligida yuqoridagi ayblovlarni rad etish hamda Ya.A.ni O‘zbekistonga qaytarish yuzasidan kelishuvga erishgan. Kecha, 12 yanvar kuni Ya.A. buvisi hamrohligida O‘zbekistonga qaytarilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada ota-ona qaramog‘isiz qolgan 15 nafar bola O‘zbekistonga qaytarilgandi. Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan va yordamga muhtoj barcha bolalar dastlab Moskva shahridagi voyaga yetmaganlar uchun mo‘ljallangan ijtimoiy reabilitatsiya markaziga joylashtirilgan. Shundan so‘ng ular O‘zbekistonga qaytarilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya O'zbekiston o'smir

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing