Turkiyada 25 ming kishi politsiya yoqqan nashadan mast bo‘lib qoldi
Olam
−
02 may 7967 2 daqiqa
Joriy yil 18 aprel kuni Turkiyaning sharqiy qismida joylashgan Lije shahrida hukumat tomonidan musodara qilingan 20 tonna nasha yoqib yuborildi. Oqibatda taxminan 25 ming kishilik mazkur shaharcha aholisi tutun ta’sirida o‘zlari istamagan holda mast holatga tushib qoldi. Mahalliy aholi orasida bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi va gallyutsinatsiya kabi sog‘liq bilan bog‘liq ommaviy muammolar yuzaga chiqdi. Bu haqda “Turkiye Today” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Lije tuman politsiya qo‘mondonligi tomonidan amalga oshirilgan bu keng ko‘lamli giyohvandlik vositalarini yo‘q qilish amaliyoti oqibatida bir necha kun davomida shaharga qalin tutun tarqalgan. Yashil yulduz assotsiatsiyasi (giyohvandlikka qarshi kurashuvchi nodavlat tashkilot) rahbari Yahyo O‘jer bu holatni “passiv chekadiganlarga tamaki tutuni qanday zarar yetkazsa, giyohvand moddalar tutuni ham shunday zararli ta’sir ko‘rsatadi”, deb izohlagan.
Amaliyotdan besh kun o‘tgandan keyin ham mahalliy aholi tutunning salbiy oqibatlaridan shikoyat qilgan.
“Derazalarimizni ocholmaymiz. Bolalarimiz kasallanmoqda, doimiy ravishda shifoxonaga borib kelamiz. Bu muammo har yili takrorlanadi,” deydi bir fuqaro.
Yo‘q qilingan giyohvand moddaning qiymati 10 milliard turk lirasi (taxminan 260 million AQSH dollari) deb baholangan bo‘lib, 2024 yil davomida o‘tkazilgan 226 ta narkotikka qarshi reydlar natijasida musodara qilingan. Ularni yoqish uchun 200 litr dizel yoqilg‘isi ishlatilgan. Tahlilchilar bu usulni “haddan tashqari noprofessional” deb baholagan.
“Eng ko‘ngilsiz jihatlardan biri – nasha paketlarining joylashuvi orqali “Lice” so‘zini shakllantirib yoqib yuborilganidir. Bu esa O‘jer tomonidan “axloqan nomaqbul” va “mutlaqo befarosat yondashuv” deb baholandi”, deyiladi xabarda.

Assotsiatsiya vakillarining fikricha, bunday moddalar insonlardan uzoq, filtrlash tizimiga ega zavodlar yoki maxsus hududlarda yoqilishi lozim. Shuningdek, ular huquq-tartibot organlari va maktablar uchun giyohvandlikka qarshi ma’rifiy dasturlar taklif qilishmoqda.
Hozircha assotsiatsiyaga rasman hech qanday shikoyat tushmagan bo‘lsa-da, aholining noroziligi va sog‘liq bilan bog‘liq muammolari ommaviy axborot vositalari va jamoaviy guruhlar orqali ifoda etilmoqda. Diyorbakir gubernatorining bayonotiga ko‘ra, giyohvand moddalarni musodara qilish bo‘yicha olib borilgan reydlar doirasida 1 941 kishi ustidan huquqiy ish yuritilmoqda.