Turkiyada 2200 yillik qadimiy qabrlar topildi (foto)
Olam
−
09 Oktabr 2025 3464 3 daqiqa
Turkiyaning Denizli viloyatida joylashgan qadimiy Kolossaye shahridan 2200 yillik 60 ta qabrdan iborat katta nekropol (qabriston majmuasi) topildi. Bu haqda “Daily Sabah” xabar berdi.
Mutaxassislar fikricha, garchi bu turdagi qabristonlar Turkiyaning boshqa hududlarida ham topilgan bo‘lsa-da, bu kabi ko‘p sonli qabrlarning bir joyda va yonma-yon joylashgani juda kam uchraydi.
“Kolossaye shahrida, ehtimol, butun Anatoliyadagi eng katta nekropollardan birini topdik. Qoya toshlardan o‘yilgan qabristonlarni yer yuzasidagi tuproq qatlamini olib tashlagandan so‘ng aniqladik. Hozirga qadar 65 ta qabr aniqlanib, ularning 60 tasi qazib chiqildi”, deydi arxeolog Barish Yener.
.png)
Qabrlar ichida suyak qoldiqlari va boshqa arxeologik topilmalar aniqlangan. Olimlarning aytishicha, qadimgi zamon odamlari bu hududdagi travertin jinsli tog‘lardan qabriston sifatida foydalangan. Bunga sabab – qishloq xo‘jaligi uchun yaroqli yerlarni tejash istagi bo‘lgan.
Topilmalar orasida qadimgi odamlarning diniy e’tiqodlariga oid ko‘plab buyumlar bor. Masalan, qabrlar ichida turli tumorlar, sehrli deb hisoblangan toshlar, tumorlar, hatto shifobaxsh toshlar ham topilgan.
Shuningdek, dafn marosimlarida ishlatilgan sopol va shisha idishlar, pilik chiroqlar, tangalar va ba’zi shaxsiy buyumlar, masalan, shippak ham aniqlangan. Olimlar fikricha, bu topilmalar qadimgi odamlarning o‘limdan keyingi hayotga bo‘lgan ishonchini va ruhiy himoya istagini aks ettiradi.
.png)
Barish Yenerga ko‘ra, Kolossayedagi qazish ishlari orqali olingan topilmalar mintaqaning tarixidagi muhim bo‘shliqni to‘ldiradi. Endi olimlar bu hudud tarixini So‘nggi Xalkolit davridan tortib, 1206 yildagi Xonaz tumanidagi turklashtirilishgacha bo‘lgan davrni uzluksiz o‘rganish imkoniga ega.
Kolossaye shahri miloddan avvalgi VI asrlardan boshlab mashhur savdo markazi bo‘lgan. Ayniqsa, bu yerda mo‘ynachilik va mato ishlab chiqarish yaxshi rivojlangan. Shahar forslar davrida muhim siyosiy markaz bo‘lgan, Rim va Vizantiya davrida esa xristianlik tarixida muhim o‘rin tutgan.
.png)
Biroq keyinchalik atrofda Hiyerapolis va Laodikeya kabi boshqa qadimiy shaharlar tashkil topgani sababli Kolossaye ahamiyatini yo‘qota boshlagan. Milodning I asrida sodir bo‘lgan kuchli zilzila bu yerga jiddiy zarar yetkazgan. Shahar milodning 692-yillarida qayta qurilib, Xonaye deb nomlangan, ammo 787-yildagi yana bir zilziladan so‘ng butunlay tashlab ketilgan.
Kolossayedagi qazish ishlari 3 yil davom etgan tadqiqotlardan so‘ng boshlangan bo‘lib, Turkiya Madaniyat va turizm vazirligining “Kelajak merosi” loyihasi doirasida, Pamukkale universiteti arxeologi Barish Yener rahbarligida olib borilmoqda.
.png)
Bugungi kunda Kolossaye shahar xarobalari Turkiyaning Denizli viloyatidagi Xonaz tog‘ etaklarida joylashgan bo‘lib, arxeologlar bu yerdan hali ko‘plab tarixiy sirlar ochilishi mumkinligini aytishmoqda. Shuningdek, u yer diniy turizm uchun ham katta salohiyatga ega.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq arxeologlar Peruning qadimgi Peniko shahrini topgandilar, uning yoshi 3800 yil. U Peruning Uaura provinsiyasida, poytaxt Lima shimolida joylashgan.
Live
Barchasi