Turkiyada 176 nafar taqiqlangan tashkilot a’zosi qo‘lga olindi
Olam
−
25 Oktabr
3436Turkiya Ichki ishlar vazirligi 176 nafar “Kurdiston ishchilar partiyasi” terror tashkiloti a’zosini qo‘lga oldi. Bu haqda Turkiya Ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoya ma’lum qildi.
Vazirga ko‘ra, huquqni muhofaza qilish organlari 31 ta aholi punktida reydlar o‘tkazib, mamlakatda taqiqlangan partiyaning 176 a’zosini qo‘lga olgan. Ularning yashash joylarida o‘tkazilgan tintuvlar chog‘ida narkotik moddalar, o‘qotar qurollar va terrorchilik faoliyatini tasdiqlovchi hujjatlar topilgan.
“Biz oxirgi terrorchi zararsizlantirilmaguncha millatimiz tinchligi, birdamligi va hamjihatligi uchun kurashni qat’iy davom ettiramiz”, deb yozdi vazir X'da.
Ma’lumot uchun, Turkiyada “Kurdiston ishchilar partiyasi” bilan qurolli to‘qnashuv 1984 yilda boshlangan. Ularning bazalari Iroq shimolida joylashgan bo‘lib, Turkiya qurolli kuchlari ularga qarshi havo va yer usti operatsiyalarini o‘tkazib keladi. Jumladan, Turkiya Mudofaa vazirligi kecha, 24 oktyabr kuni Turkiya havo kuchlari Suriya va Iroq shimolida 47 ta terroristik nishonni va “Kurdiston ishchilar partiyasi”ning ko‘plab jangarilarini yo‘q qilganini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, 23 oktyabr kuni Anqarada Turkiyaning harbiy samolyotlar va kosmik uskunalar ishlab chiqaruvchi “TUSAŞ” korporatsiyasi binosi yaqinida terakt sodir bo‘lgan edi. Teraktni uyushtirgan ikki nafar terrorchi huquq-tartibot organlari tomonidan yo‘q qilingan. Anqara Bosh prokuraturasi terakt yuzasidan tergov boshlagan. Hodisa oqibatida besh kishi halok bo‘lgan, 22 kishi jarohatlangan.