Turkiyada 10 ga yaqin O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olindi
3-sahifa
−
21:24 1858 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Turkiyaning Oydin viloyatida 30 nafardan ortiq O‘zbekiston fuqarosi bank kartalari orqali amalga oshirilgan shubhali pul o‘tkazmalari bilan bog‘liq holat yuzasidan qo‘lga olingani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, Turkiya Respublikasi Ichki ishlar vazirligining tegishli tuzilmalaridan olingan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur holat doirasida 10 nafarga yaqin O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Hozirgi vaqtda ularning ayrimlari sud qaroriga asosan jazoni ijro etish muassasasida, ayrimlari deportatsiya markazida saqlanmoqda. Yana bir qismi esa mamlakat hududidan chiqmaslik sharti bilan ozod etilib, ularga nisbatan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Fuqarolarga nisbatan ko‘rilayotgan huquqiy choralar ularning mazkur holatga aloqadorlik darajasi, bank hisobvaraqlari orqali o‘tkazilgan mablag‘lar miqdori hamda tergov davomida aniqlanayotgan boshqa holatlardan kelib chiqib belgilanmoqda.
Bildirilishicha, O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi vaziyatni tegishli Turkiya idoralari bilan hamkorlikda kuzatib bormoqda hamda fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish doirasida zarur konsullik-huquqiy ko‘mak ko‘rsatmoqda.
Shu munosabat bilan Bosh konsulxona fuqarolarni shaxsiy bank kartalari, hisob raqamlari va mobil bank xizmatlarini begona shaxslarga bermaslikka, boshqa shaxslarning iltimosiga ko‘ra kelib chiqishi noma’lum mablag‘larni qabul qilmaslik va o‘tkazmaslikka chaqirmoqda.
“Bank kartasi yoki hisob raqamini boshqa shaxslarga foydalanish uchun berish, shuningdek, kelib chiqishi noma’lum mablag‘larni o‘tkazishda vositachilik qilish Turkiya qonunchiligiga muvofiq jiddiy huquqiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin. Bosh konsulxona Turkiya Respublikasida bo‘lib turgan barcha fuqarolarimizni mamlakat qonunlariga qat’iy rioya qilishga va shubhali moliyaviy operatsiyalarda ishtirok etmaslikka chaqiradi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq joriy yilning 7 oyi davomida xorijda murakkab vaziyatga tushib qolgan 2 888 nafar O‘zbekiston fuqarosi ortga qaytarilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi