Turkiyada hibsga olingan san’atkorlar qo‘yib yuborildi

Madaniyat-san’at

image

Turkiyada kecha, 8 oktyabr kuni ertalab Jandarma tomonidan so‘roqqa olib ketilgan ijtimoiy tarmoq fenomenlari, serial aktyorlari va san’atkorlarning Adliya Tibbiyot Institutidagi tekshiruv jarayonlari kechqurun yakunlandi. Endi ularning tahlil natijalari kutilmoqda. Bu haqda NTV xabar berdi.  

8 oktyabr kuni ertalab bir qator mashhurlar va ijtimoiy tarmoq yulduzlariga nisbatan giyohvand modda iste’moli gumoni bilan tergov boshlandi. Bu tergov Istanbul Bosh prokuraturasi qoshidagi Qochoqlik, Narkotik va Iqtisodiy Jinoyatlar bo‘limi tomonidan olib borilmoqda.

Istanbul viloyati Jandarma qo‘shinlari amalga oshirgan operatsiya vaqtida mashhur shaxslar giyohvand modda iste’mol qilganlik gumoni bilan nazorat tekshiruviga tortildi.

“Anadolu” agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘roq qilingan va qon namunasi olingan shaxslar quyidagilar:

  • Dilan Po‘lat
  • Engin Po‘lat
  • Irem Derichi
  • Kubilay Aka
  • Kaan Yildirim
  • Hadise Achigkyoz
  • Berrak Tyuzyunatach
  • Duyug‘u O‘zaslan Mutaf
  • Demet Evgar Babatash
  • Zeynep Merich Aral Keskin
  • O‘zge O‘zpirinchji
  • Mert Yazidjio‘g‘lu

Ularning ayrimlari bu paytda mamlakat tashqarisida ekani ham ma’lum qilindi.

Amaliyot davomida hech kim hibsga olinmadi. Istanbulda bo‘lgan mashhur shaxslar viloyat Jandarmeriya qo‘mondonligiga olib kelindi. Bu yerda ularning bayonotlari olindi. Bayonot berish jarayoni yakunlanganidan so‘ng, mashhurlar kunduz vaqtida qon tahlillari uchun Adliya tibbiyot muassasasiga yuborildi.

Mashhurlar bu yerga ikki avtobus orqali yetkazildi, ba’zi aktyorlarning yaqinlari esa qo‘llab-quvvatlash uchun Jandarmeriya qo‘mondonligiga keldi.

Bayonot uchun kutgan aktrisa Demet Evgarning hamkasbi Hatise Aslanga ruhiy ko‘mak uchun kelganini aytdi va tergov sababli s’yomka maydonlari to‘xtab qolganini bildirdi.

Muassasada qon namunasi olingan mashhurlar so‘ngra jandarmeriya xodimlari hamrohligida yana Viloyat Jandarmeriya qo‘mondonligiga qaytarildi. U yerda jarayonlari yakunlangan mashhurlar ozod etildi.

Jandarmeriya qo‘mondonligidan chiqqach, ba’zi mashhurlar matbuotga izoh berdi. Ayrim mashhurlar bayonot berib amaliyotga e’tiroz bildirdilar.

“Sizlar kabi men ham bo‘layotganlardan hayratdaman. Shukrki, hammasini ortda qoldirdik”, dedi Hadise ijtimoiy tarmoqda qilgan chiqishida.

U, shuningdek, Anqaradagi konsertida ham tergov jarayoniga nisbatan o‘z e’tirozini bildirdi.

Irem Derichi esa jarayondan so‘ng matbuot anjumani o‘tkazib, tergovga munosabat bildirdi va sud-tibbiy tekshiruv natijalarini barcha bilan o‘rtoqlashishini aytdi.

“Mahallama-mahalla yurib, o‘sha toza natijalarni sizlar bilan baham ko‘raman. Bu amaliyot haqida xabar tarqatganlar, o‘sha natijalarni ham bersin”, dedi Derichi.

Amaliyotda ismi tilga olingan qo‘shiqchi Irem Derichining himoyachisi Ayshegyul Mermer yozma bayonot e’lon qildi:

“Mijozim Irem Derichi bilan bog‘liq jarayon doirasida bayonot berish uchun Jandarmeriya bo‘limiga ketmoqdamiz. Hozircha ish hujjati yoki mavzusi haqida rasmiy ma’lumot berilmagan. Jarayon oydinlashgan sari jamoatchilikka xabar beriladi”.

Yana bir mashhur – Ziynet Salining advokati esa mijozining xorijda ekanini va qaytib kelgach, bayonot berajagini bildirdi.

“Shuni alohida ta’kidlamoqchimizki, mijozim Ziynet Sali hayotda hech qachon hatto sigaret ham chekmagan, ushbu tergov va u bilan bog‘liq shaxslarga hech qanday aloqasi yo‘q. Mijozim Ziynet Salining adashib ushbu ishga qo‘shib yuborilgan degan fikridamiz”, dedi advokat Jemil Jem Eribol.

Tergov yuzasidan ijtimoiy tarmoq fenomeni Dilan Po‘latning advokati ham bayonot berdi. Advokat Sevinch Horozning aytishicha, mijozining avvalroq “giyohvand moddalardan foydalanmagani” haqida rasmiy hisobot mavjud.

“Qon va soch tahlili topshirishga tayyor ekanimizni bildirdik. Agar bu yetarli deb topilmasa, yana bir bor topshirishga ham tayyormiz. Shu sababli nima yuz berganini tushunishning iloji yo‘q”, dedi u.

Horoz, tergov biror bir shikoyat asosida boshlanganini bilganini, ammo aynan qaysi mazmundagi shikoyat ekanini bilmasliklarini ta’kidladi.

Tergov doirasida qon namunasi olinadigan mashhurlar orasidagi Berrak Tuzunatash avvalroq giyohvand modda iste’moli aybi bilan jazoga tortilgan edi. Sud ishi 2017 yilda ko‘rilgan va mashhur aktrisa 20 oylik qamoq jazosiga hukm qilingan.

Ijtimoiy tarmoq yulduzlari sanalgan juftlik – Dilan va Engin Po‘lat ham avvalroq narkotik amaliyoti bilan bog‘liq ravishda muhokamalar markazida bo‘lgan. Po‘latlar 2 mart kuni narkotik modda sotib olish va saqlash aybi bilan hibsga olingan edi. Qon namunalari olingach, juftlik prokuror ko‘rsatmasi bilan ozod etilgan.

Narkotik yoki man etilgan narsalardan foydalanish izlarini aniqlash maqsadida shaxs tanasidan tahlil uchun namuna olinadi. Eng ko‘p qo‘llanadigan usullar – siydik, qon, tupuk va soch tahlili.

  • Siydik tahlili – eng keng tarqalgan usul. Siydik namunasi laboratoriyaga yuborilib, kimyoviy tahlil qilinadi.
  • Tezkor qon tahlili – organizmdagi faol moddani aniqlash uchun qilinadi. Natijalari aniqroq bo‘lgani uchun odatda shifoxonalarda o‘tkaziladi.
  • Tupuk tahlili – ayniqsa, ish joylarida yoki politsiya nazoratlarida qulayligi tufayli ishlatiladi.
  • Soch tahlili – moddadan uzoq muddat foydalanishni aniqlaydi. Sochda 3–6 oygacha narkotik izlari topilishi mumkin.

Tekshiruv turiga qarab, natija olish vaqti turlicha bo‘ladi.

  • Siydik tahlili – odatda oxirgi 3 kun ichidagi foydalanish haqida ma’lumot beradi. Aniqlash davri 2 kundan 3 haftagacha bo‘lishi mumkin.
  • Soch tahlili – 4-6 oy oldingi modda qabul qilish haqida ma’lumot beradi. Batafsil laboratoriya tekshiruvida natija 1 haftagacha cho‘zilishi mumkin.
  • Tezkor testlar (siydik yoki tupuk orqali) – 5-15 daqiqa ichida natija berishi mumkin. Bu usul ko‘p hollarda politsiya bo‘limlarida ishlatiladi.
  • Laboratoriya tahlillari (qon va siydik) – o‘rtacha 1-3 kun ichida natija chiqaradi.

Maqola muallifi

Teglar

Turkiya giyohvand moddalar san'atkorlar shou-biznes Dilan Po'lat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing