Turkiyada harbiy vertolyotlar to‘qnashib ketdi. Qurbonlar bor
Olam
−
09 dekabr
2847Turkiyaning markaziy qismidagi Isparta viloyatida ikki turk harbiy vertolyoti to‘qnashib ketdi. Bu haqda TRT Haber xabar berdi.
Harbiy vertolyotning Isparta markazidagi yoqilg‘i quyish shoxobchasi yoniga qulagani qayd etilgan. Voqea joyiga tez yordam va o‘t o‘chirish brigadalari jo‘natilgan. Vertolyot qulagan joyda yong‘in tezda o‘chirilgan.
"Quruqlikdagi kuchlar maktabidan ikki vertolyot to‘qnashib ketdi. Besh kishi halok bo‘ldi, biri og‘ir yaralandi", degan viloyat gubernatori Abdulla Erin.
Falokatga uchragan vertolyotda halok bo‘lganlar orasida Isparta quruqlikdagi aviatsiya maktabi qo‘mondoni brigada generali ham borligi ma’lum qilingan.
Voqea yuzasidan mamlakat Mudofaa vazirligi bayonot bergan.
“Isparta shahrida mashg‘ulot parvozini amalga oshirgan UH-1 tipidagi vertolyotlarimizdan biri avariyaga uchradi va 5 nafar xodimimiz halok bo‘ldi. Hodisa oqibatida bir xodimimiz og‘ir tan jarohati olib, zudlik bilan shifoxonaga yotqizilib, davolanishni boshladi”, deyiladi bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Kerchen bo‘g‘ozida harbiy vertolyot halokatga uchragandi.
LiveBarchasi