Turkiya zilziladan necha milliard dollar zarar ko‘rgani ochiqlandi
Olam
−
20 dekabr 2023
12158Joriy yilning fevral oyida sodir bo‘lgan zilzilalardan Turkiyaga yetgan jami zarar miqdori 110 milliard dollarni tashkil etdi. Bu haqda mamlakat Ekologiya va shaharsozlik vaziri Mehmet O‘zhaseki ma’lum qilib, Turkiya hududining 66 foizi seysmik xavf zonasida ekanligini ta’kidladi.
“6 fevraldagi zilzilalardan ko‘rgan jami yo‘qotishlarimiz 110 milliard dollarga baholanmoqda. Mamlakatimiz hududining 66 foizi, fuqarolarining 71 foizi birinchi va ikkinchi toifadagi zilzilalar xavfi ostida”, deydi vazir parlamentda.
6 fevral kuni Turkiya janubi-sharqida 7,7 va 7,6 magnitudali zilzilalar sodir bo‘ldi. Yer silkinishlari, so‘ngra minglab yerosti silkinishlari keng hududda va qo‘shni mamlakatlarda ham sezilgan. Turkiya hukumati avvalroq zilzilalar yetkazgan zarar 100 milliard dollardan oshgani haqida xabar bergan edi. Fevral oyidagi zilzilalar respublikani shaharsozlik siyosatini qayta ko‘rib chiqishga, asosiy e’tiborni zilzilaga chidamli uy-joylar qurishga qaratishga undadi. Bunday rejalardan biri seysmologlar 7 yoki undan yuqori balli zilzilani bashorat qilgan Istanbulga tegishli.
“Biz Istanbulni ehtimoliy zilzilalarga tayyorlash bo‘yicha yo‘l xaritasini ishlab chiqdik. U besh yil davomida 1,5 million binoni ta’mirlashni ko‘zda tutadi”, deydi vazir.
Uning so‘zlariga ko‘ra, dastlabki bosqichda 300 mingga yaqin uy-joy qurish rejalashtirilgan hududlar allaqachon tanlab olingan.
O‘zhaseki avvalroq Istanbulda 6 millionga yaqin uy va 1,5 millionga yaqin ish o‘rinlari mavjudligini, shulardan 1,5 million uy-joy xavf ostida ekanligini ma’lum qilgan edi. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, 2024 yil boshida rasmiylar Istanbul uy-joy fondini rekonstruksiya qilish rejasini amalga oshirishga kirishadi.
1999 yil avgust oyida Istanbul hududida Anadolu va Yevroosiyo tektonik plitalarining tutashgan joyida 7,6 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha paytda 17,2 ming kishi, norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra – deyarli 40 ming kishi halok bo‘lgan va yana 45 ming kishi jarohatlangan.
LiveBarchasi