Turkiya va Jazoir Prezidentlari G‘azo bo‘yicha bayonot berdi
Olam
−
22 noyabr 2023
3528Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning aytishicha, Yaqin Sharqda sodir bo‘layotgan voqealar 1967 yil chegaralari ichida Falastinning tashkil topishi va poytaxti Sharqiy Quddusda bo‘lishi bilan siyosiy yechim muqarrar bo‘lib qolganini ko‘rsatmoqda. Bu haqda u kecha, 21 noyabr kuni Jazoirga tashrifi chog‘ida, matbuot anjumanida aytib o‘tdi.
“Muammoni adolatli siyosiy hal qilmasdan turib, to‘liq natijaga erishish mumkin emas. Endi ushbu yechim muqarrar bo‘lib qoldi, bu 1967 yil chegaralarida va poytaxti Sharqiy Quddusda bo‘lgan Falastin davlatini yaratishni nazarda tutadi”, deydi u.
Erdo‘g‘an, shuningdek, Turkiya Isroilning G‘azo sektoridagi harakatlari va tinch aholi manzillariga uyushtirgan hujumlarini “varvarlik va urush jinoyati” deb bilishini yana bir bor ta’kidladi.
“Joriy muzokaralar davomida biz mintaqa davlatlari bilan birgalikda Falastin uchun kafillik mexanizmini amalga oshirishda ishtirok etishga tayyor ekanligimizni tasdiqladik. Biz Isroilning urush jinoyati bo‘lgan harakatlarini hech qanday holatda qabul qilmaymiz. Shifoxonalar, ibodatxonalar, maktablar, bundan himoya qilinishi kerak bo‘lgan joylarga hujum qilish, odamlarni qochqinlikka majburlash, bular vijdonsiz va vahshiy harakatlardir”, deydi Erdo‘g‘an.
Uning ta’kidlashicha, Turkiya va uning mintaqadagi ittifoqchilarining birinchi ustuvorligi G‘azoda doimiy o‘t ochishni to‘xtatish va anklavga insonparvarlik yordamlarini to‘siqsiz uzluksiz yetkazib berishdir.
“Falastin muammosiga zudlik bilan, adolatli siyosiy yechim topilmasa, butun mintaqada barqarorlik va tinchlikka erishib bo‘lmaydi”, deydi Turkiya rahbari.
O‘z navbatida Jazoir Prezidenti Abdulmajid Tebbun Isroil armiyasining harbiy amaliyoti oqibatida G‘azo sektorida minglab tinch aholi halok bo‘lganini insoniy fojia deb atadi.
Tebbun ham mintaqadagi mavjud vaziyatni hal qilishning yagona yechimi Falastin davlatini yaratish ekanligiga ishonch bildirdi.
“Falastin davlati tuzilishi kerak. Bu Yaqin Sharqda mavjud bo‘lgan mojarolarni tugatishning yagona yechimidir. Biz Falastin xalqining 1967 yil iyun chegaralari ichida poytaxti Quddus bo‘lgan o‘z davlatini barpo etish huquqini yana bir bor tasdiqlaymiz”, deydi u.
Jazoir rahbari, shuningdek, Isroilning G‘azo sektoridagi operatsiyasining mumkin bo‘lgan oqibatlariga e’tibor qaratdi:
“Yaqin Sharq burilish arafasida turibdi. Yoki muammolar hal bo‘ladi, yoki ular boshqacha yo‘nalish oladi”.
LiveBarchasi