Turkiya va Pokiston zudlik bilan Saudiyada harbiy kuchlarini joylashtiradi

Olam

−

image

Anqara va Islomobod Makka pakti doirasida Saudiya Arabistonida harbiy kontingentlarini joylashtiradi. Tomonlar ittifoqchilik majburiyatlarini amaliy bajarishga zudlik bilan o‘tadi. Bunday qaror kecha, 5 oktyabr kuni alyansning Strategik siyosiy-mudofaa qo‘mitasi tomonidan Ar-Riyoddagi shoshilinch uchrashuvda qabul qilindi. Bu haqda Turkiya Tashqi ishlar vazirligi qo‘shma bayonot e’lon qildi.

“Qo‘mita jamoaviy mudofaa sohasidagi majburiyatlarni amalga oshirishga zudlik bilan kirishish va kelishilgan qurolli kuchlar hamda harbiy salohiyatni taqdim etish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rish, shuningdek, tasdiqlangan kelishuvlar va tomonlarning milliy qonunchiligiga muvofiq ularni podshohlik hududida tezkor joylashtirishni ta’minlash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu bilan jangovar shaylik oshiriladi, harbiy integratsiya chuqurlashtiriladi va tahdidlarga qarshi turish hamda ularni qaytarish bo‘yicha jamoaviy salohiyat mustahkamlanadi”, deyiladi bayonotda. 

Uchrashuv Yamandagi vaziyat keskinlashgani sababli shoshilinch ravishda chaqirilgan. Ar-Riyoddagi yig‘ilishda Turkiya TIV rahbari Hoqon Fidanning jurnalistlarga ma’lum qilishicha, ishtirokchilar Saudiya Arabistoniga aynan qanday yordam berilishini batafsil muhokama qilgan. 

“Biz Saudiya Arabistoni mudofaasiga qanday yordam ko‘rsatish mumkinligi va muammoni tinch yo‘l bilan, muloqot orqali hal qilish uchun nimalar qilish mumkinligini batafsil va har tomonlama muhokama qildik”, deyiladi tashqi siyosat idorasi matbuot xizmati tomonidan keltirilgan uning so‘zlarida.

Milliy mudofaa vaziri Yashar Gyuler va Bosh shtab boshlig‘i Selchuk Bayraktao‘g‘li ham uchrashuvga tashrif buyurib, o‘zlarining harbiy-texnik yechimlarini taklif qilgan.

Fidanning ma’lum qilishicha, ishtirokchilar alyans kotibiyatini shakllantirish masalalarini ko‘rib chiqqan va Pokiston tomonidan taklif qilingan bosh kotib nomzodini tasdiqlagan. Ushbu lavozimni iste’fodagi general-leytenant No‘mon Mahmud egallagan. Uning vakolat muddati uch yilni tashkil etadi.

“Biz harbiy, texnik va institutsional jihatdan nimalar qilish mumkinligini, Makka mudofaa alyansimiz qay tomonga harakatlanayotganini va mavjud muammo munosabati bilan qanday choralar ko‘rish mumkinligini muhokama qildik. Bu samarali kun bo‘ldi”, deydi Fidan.

Tomonlar Makka va Madinaga qilingan hujum urinishlarini, shuningdek, Saudiya Arabistonining shaharlari, tinch aholisi va iqtisodiy ob’ektlariga berilgan zarbalarni keskin qoralagan.

Turkiya va Pokiston, o‘z navbatida, Saudiya Arabistoni qurolli kuchlariga tahdidlarni qaytarishdagi hushyorligi, tayyorgarligi va yuqori darajadagi mahorati uchun minnatdorlik bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, Makka mudofaa alyansi 2026 yil 7 avgustda Saudiya Arabistoni, Pokiston va Turkiya tomonidan qo‘shma mudofaa to‘g‘risidagi bitim imzolanganida tashkil etilgan edi. Hujjat ishtirokchi mamlakatlardan birortasiga qilingan qurolli hujumni uchtasiga ham qilingan hujum sifatida ko‘rib chiqishni nazarda tutadi.  

Shoshilinch yig‘ilishga Yamandagi keskin vaziyat sabab bo‘ldi. “Ansorulloh” (husiylar) harakati va Saudiya Arabistoni tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan hukumatparast armiya o‘rtasidagi harbiy qarama-qarshilik to‘rt yillik sukunatdan so‘ng iyul oyi o‘rtalarida qayta boshlandi. O‘shandan beri husiylar Qizil dengizning butun g‘arbiy sohilini va dunyoning asosiy dengiz arteriyalaridan biri bo‘lgan Bob al-Mandob bo‘g‘ozi yaqinidagi shaharlarni egallab oldi.

Kecha, 5 oktyabr kuni Yamanning xalqaro miqyosda tan olingan rasmiylari mamlakat poytaxti Sanoni husiylardan ozod qilish bo‘yicha operatsiya boshlanganini e’lon qildi. 4 oktyabr kuni husiylar Saudiya Arabistoni bir sutka davomida Sano va bir qator viloyatlarga 106 marotaba aviatsiya va raketa zarbalari berganini da’vo qildi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing